“Farzandim 6 oylik. Ko`pincha uning qo`l-oyog`i muzday bo`ladi. Yangi tug`ilgan chaqaloqlarda shunday bo`lishi haqida eshitgandim. Ammo bu hali ham davom etyapti. Nega shunday? Maslahat bering”.
Latofat, Sirdaryo viloyati
Shu mazmundaga telefon qo`ng`iroqlar ko`p bo`layotgani bois muxlislarning savollariga javob berish maqsadida pediatr shifokor Salomat Xo`jaboevani suhbatga chorladik. U quyidagi ma`lumotlarni havola etdi:
–Darhaqiqat, yangi tug`ilgan chaqaloqlarning ba`zan qo`l-oyoqchalari sovib, ko`kish tusga kirganini sezib qolamiz. Bu ularda hali qon aylanish va issiqlikni saqlash tizimlari to`liq rivojlanmaganini bildiradi. Shu boisdan bu holatdan xavotirga tushish kerak emas. Asosiysi bola yotgan xona harorati me`yoriy darajada bo`lishini ta`minlang va uni haroratga mos kiyintiring.
Biroq ba`zi bolalarda katta bo`lganda ham bu holat (ko`pincha 5-7 yoshda) kuzatiladi. Buning sababi nima?
1.Kattaroq bolalarda qo`l va oyoqlar muzlashining asosiy sababi vegeto-tomir distoniyasi hisoblanadi.
Vegetativ asab tizimi faoliyati buzilganda butun organizmda oqsash yuz beradi. Ya`ni, a`zolar faoliyatida nuqsonlar paydo bo`ladi. Distoniya esa mushaklarning o`z-o`zidan qisqarish sindromidir. Mushaklar spazmi sababli tomirlar torayishi va qon aylanishi buzilishi mumkin. Ayrim hollarda bu muammo yosh ulg`ayishi bilan barham topadi. Ayrimlarda saqlanib qoladi. Ayniqsa ayollar vegeto-tomir muammosidan uzoq vaqt aziyat chekishadi.
2.Mutaxassislar ta`kidlashlaricha, bolalarda qo`l va oyoqlar sovuq bo`lishiga immunitet pastligi ham ta`sir ko`rsatadi. Agar bolada qo`l-oyoq sovuqligidan tashqari, teri qavatlarining oqargani, sarg`ayish va holsizlik kuzatilsa, uning immuniteti tushib ketganligidan dalolatdir.
3.Qo`l va oyoqlar sovuq bo`lishining yana bir sababi ta`sirchanlik kuchli bo`lishidir. Salbiy hissiyotlar, stresslar, ota-onaning ko`p urishishi bola organizmida issiqlik almashinuvi buzilishiga olib keladi. Asabiylik va qo`l kaftining ko`p terlashi ham shundan.
4.Shu bilan birga, bolaning qoni ham kam bo`lganda ham qo`l-oyog`i sovuq bo`lishi mumkin.
5.Ba`zida qo`l-oyoq sovuq bo`lishi qalqonsimon bezda muammo borligi alomatidir. Shu sababdan, agar pediatr sizning farzandingizda vegeto-tomir distoniyasi yoki anemiya yo`qligini aniqlasa, uni endokrinologga olib borib, qalqonsimon bez faoliyatini tekshirtiring.
6. Bolaning tana harorati 39 daraja va undan baland bo`lgan holatlarda ham qo`l-oyog`i sovuq bo`lishi mumkin.
ONALARGA MASLAHATLAR
Bolajonni chiniqtiring. Birinchi navbatda, hadeb uni o`rab-chirmayverishni bas qiling.
Bolaning to`laqonli ovqatlanishini nazorat qiling. Uning kundalik rasionida, albatta issiq taomlar bo`lishi zarur.
Bolaning turmush tarzini faollashtiring. U bilan birgalikda kundalik jismoniy tarbiya mashqlarini bajaring. Shuningdek, ertalabki badantarbiya ham esdan chiqmasin. Jismoniy harakatlar qonni yurishtirib, tanani yaxshi qizdiradi.
To`g`ri kiyintiring. Yangi tug`ilgan bolachalarga maxsus qo`lqopchalar va paypoqchalarni kiydirib qo`ying. Yuradigan bolaning oyoq kiyimi kengroq bo`lsin. Kattaroq bo`lganda ham mavsumga mos kiyintiring. Tor poyabzalda ham oyoq tez sovqotadi.
Nega isitma bo`lganda bolaning qo`l va oyoqlari soviydi?
Bunday vaqtda tanani ishqalab yoki kuchli dozadagi issiqlik tushiruvchi preparatlar yordamida haroratni tushirishga urinish shart emas. Bu tomirlarning yanada ko`proq qisqarishga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, bolada tana harorati ko`tarilsa, asta-sekinlik bilan tushirish talab etiladi.
Ko`pchilik bolajonlarda harorat oshganda, qo`lchalari tanasiga nisbatan sovuqdek seziladi. Buning asosiy sababi issiqlik etib borishining buzilishidir. Bu esa qon tomirlar torayishiga zamin yaratadi. Bunday holatda qo`l va oyoq sovishining xavotirli tomoni yo`q. Chunki organizm shu tariqa mustaqil tarzda haroratni pasaytirishga urinadi.
Agar qo`l va oyoqchalar sovuqligi muntazamlik kasb etsa shifokor bilan maslahatlashib, tomirlar torayishiga qarshi vositalardan ham foydalanish mumkin.
Bolaning tana harorati me`yoriy bo`lganda qo`l-oyoqlari sovqotsa ularni engil massaj qilish maqsadga muvofiq.
Xotirjam bo`lish uchun, albatta,bolani mutaxassis ko`rigiga olib borish va uning sog`lomligiga ishonch hosil qilish zarur.
Manzura BEKJONOVA suhbatlashdi.