1

Jigarbandini ming dollarga sotgan ona (Voqeiy hikoya)

Mutolaa 27.10.2019, 14:12
Teglar: odam savdosi,
Jigarbandini ming dollarga sotgan ona (Voqeiy hikoya)

Keyingi yillarda odam savdosining juda ayanchli va kechirilmas ko`rinishi – o`z bolasini sotish holatlariga  bot-bot duch kelayapmiz. Mana bu achchiq hayot hikoyasi «qahramoni» ham ana shulardan biri. Bu voqea yoshlikning tor yo`lida adashganlarga saboq bo`lsaydi...  

Mehriniso Xalilova asli qishloqda tug`ilib o`sgan. (Darvoqe  aytib qo`yaylik, ismi-shariflar o`zgartirilgan, aslida bundaylarning nomini ochiq-oydin yozish kerak edi-yu, afsuski, inson huquqlari va kasb etikasi bunga yo`l qo`ymaydi). Ma`lumoti o`rta. Ikki marta oila qurib, ikki marta ham unga baxt kulib boqmagan, ajralgan. Birinchi turmush o`rtog`i Zafar Shavqiev bilan o`rtalaridagi uch yoshli o`g`li Azizjonni sotib, boy bo`lmoqchi bo`lgan bu ona – aslida "ona" degan nomga  nomunosib ayol. 

O`zboshimchalik qilib, ota-ona roziligini olmasdan  qurilgan oilasi barbod bo`lgach, qo`lida yosh bolasi bilan ona uyiga qaytgan qiz bir muddat ota-onasi bilan yashaydi. Taqdir sinovlari, hayot tashvishlarini aql bilan engish, echish o`rniga bolasini olib, Toshkent shahriga ishlash uchun ketishga qaror qiladi. Bir muddat Quyliq massividagi  firmalardan birida oshpaz bo`lib ishlaydi.Yosh bola bilan yashash va ishlashning qiyinchiliklarini tasavvur qilish qiyin emas. Xullas, kunlarning birida  u ota-onasini ko`rishga qishlog`iga qaytadi, na kasbi, na kori bo`lmagan  beqaror qiz oradan hech vaqt o`tmay yana Toshkentga ketish taraddudini ko`radi. 

Tuman markaziga kelib, yo`lovchi mashinalar bilan ketmoqchi bo`lib turganda, eski tanishi Mohirani uchratib qoldi. Mohira ona-bolalarni  yaqin atrofdagi o`z uyiga taklif qildi va uyga kelgach, o`z rejalarini, kutilmagan takliflarini ayta boshladi. U Mehrinisoga bolasini farzandi yo`q tanishlaridan biriga farzand ko`rguncha vaqtincha berib turish taklifini bildiradi. 

Mehriniso rozi bo`lmaganiga qaramasdan tanishi bilan uni uchrashtirishga harakat qiladi. Holi-joniga qo`ymagach, ular Navoiy shahriga  yo`l olishadi. Karmana tumanida er-xotin Sodiqovlar ularni   kafeda kutib oladi. Nonushtadan so`ng ular maqsadga ko`chadi.

Xullas, ularning uyi, sharoitlari  yaxshiligini ko`rgach, ayol bolasini ularga berishga rozi bo`ladi.   “Savdo” shu qadar tez bitdiki, bolaga “xaridor”lar farzandfurush onaga kelishilgan 100 AQSh dollari va 8 million so`mni bergandan so`ng ularga boladan  kechganligi to`g`risida tilxat yozib berganini bilmay qoladi. 

Shu bilan odam savdosi «drama»sining bu mash`um pardasi yopildi. Ammo parda ortida turgan huquq-tartibot idoralari xodimlari bolasini sotib daromad ko`rmoqchi bo`lgan ayolning kelgusida chet ellarga borib ishlashdek balandparvoz orzu-umidlariga chek qo`ydi. Qishning qahrli kunlarida  M. Xalilova temir panjara ortiga, nimalar bo`layotganligini bilmay to`rt tomonga jovdirayotgan begunoh bolakay esa Karmana tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo`limiga olib ketildi.  

Oila- baxt qasri. U buzilsa vayronaga aylanadi, deymiz. Mehriniso Xalilova va Zafar Shavqievlarning “sevgi-muhabbatga asoslangan” oilasi nega tezda barbod bo`ldi, degan savol tug`ilishi tabiiy. Asl sabab-oilasi bor erkakka shar`iy nikoh bilan turmushga chiqish oqibati bo`lsa, o`z oilasi, bolalari bo`la turib, “yangi hayot” boshlagan mas`uliyatsiz erkakning nayrangi, munofiqligi. 

Shu o`rinda professor Elyor Karimovning fikrlari yodga tushdi. “Qizlarning kollej va liseylarni bitiriboq turmushga chiqib ketishi, oliy ma`lumotga ega bo`la olmayotganligi holatlari ularning jamiyatda o`z o`rnini topa olmayotganligiga sabab bo`lmoqda”.  
Mehrinisoni sudning qora kursisiga etaklagan sabablarga yana bir bor e`tibor beraylik. Uning birinchi xatosi ota-onasining yuziga oyoq qo`yib, oilasi bor kishiga ikkinchi xotin bo`lishi, to`ydan oldin homilador bo`lib, ota-onasiga isnod keltirishi bo`lsa, oilani o`yinchoq deb hayotga engil qaragani, farzandining kelajagini barbod qilgani, hali uch yoshga to`lmagan bolani taqdir yo`lida yolg`izlikka mubtalo etgani kechirib bo`lmas navbatdagi xatosidir. 

Atrofdagilar, yaqinlarining uni o`z holiga tashlab qo`yganligiyu, noto`g`ri yo`llardan qaytarmaganligida ham gap ko`p.  

 INSONPARVARLIKKA  ARZIRMIKAN?..  

Pul evaziga o`z bolasidan voz kechish to`g`risida o`z qo`li bilan tilxat yozgan onani hech qachon, hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi. Nahotki qo`llarini sizga cho`zib turgan, sizsiz yo`lini yo`qotib qo`yadigan, ko`ziga qarasangiz olam yorishib ketadigan, mehrining tafti yuragingizni isitib turadigan jondan aziz mittigina insondan voz kechish shunchalar oson bo`lsa?! 

Farzandfurushligi uchun sudning qora kursisiga o`tirgan o`ttiz yoshli ayol qanday jazoga loyiq deysizmi? Ko`pchilikning javobi bitta – oliy jazoga! Ammo qonunlarimiz shunchalar insonparvarki...  M.Xalilovani Xatirchi tuman xotin-qizlar qo`mitasi raisi tomonidan berilgan kafolat xati temir panjara ortidan qutqarib qoldi. U sud zalidan ozod qilindi. Unga to`rt yilga shartli ravishda ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Sotib yuborgan bolasi ham qaytarib berildi. 

Xo`sh, u bunday  insonparvarlikka arzirmikan, degan savolga javob berish qiyin. Yillar o`tib, Azizjon bu “savdolar” haqida eshitsa, onasidan so`rab qolsa, uning savollariga javob berishga Mehrinisoning kuchi etarmikan, vijdoni, yuzi chidarmikin? Bilmadik...  

          Marusa HOSILOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1