Toshkent shahar hokimligida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yo`lovchi tashish jarayonini boshqarish, tartibga solish va tarmoqni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar qiladi O`zA.
Poytaxtimiz aholisiga har kuni 142 yo`nalishda 1400 dan ziyod avtobus xizmat ko`rsatadi. Yo`lovchilarga transport xizmati ko`rsatishni yaxshilash maqsadida o`tgan yili “Isuzi” rusumli 80 ta avtobus xarid qilindi. Joriy yilda yana 90 ta shunday transport vositasi xarid qilish mo`ljallanmoqda. Tarmoqni rivojlantirish borasidagi keng ko`lamli ishlar samarasida 2014 yilda kompaniya tizimida 360 dan ortiq yangi ish o`rni yaratildi. Natijada 270 nafardan ziyod kollej bitiruvchisi ishga qabul qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 28 maydagi “Mintaqaviy ahamiyatdagi past rentabelli, zarar ko`rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog`lomlashtirish – “yo`l xaritasi” dasturlarini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori tarmoqdagi korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, mavjud ish o`rinlarini saqlash va yangilarini yaratishda dasturilamal bo`layotir. Unga ko`ra, 2014 yilda iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog`lomlashtirish bo`yicha tasdiqlangan dasturlar asosida 13 milliard 145 million so`mdan ortiq iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Zarar ko`rib ishlayotgan oltita avtobus yo`nalishi, 18 yo`nalishdagi taksilar qatnovi, 13 yo`nalish uzunligi qisqartirildi.
Tarmoqni rivojlantirish maqsadida kompaniya korxonalarida qo`shimcha faoliyat turlari joriy qilinmoqda. 2014 yilda yo`lovchilar tashish xavfsizligini oshirish, avtobuslardan oqilona va samarali foydalanish, korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash, jamoat transporti qatnovi jadvallari va oraliq muddatlariga qat`iy rioya etishni ta`minlash maqsadida «onlayn» tartibida masofadan turib nazorat qilish tizimi – GPS-monitoring moslamalarini o`rnatish ishlari yakunlandi.
Tizimda yangilik sifatida yo`lkira to`lovini elektron shaklda amalga oshirish bo`yicha izlanishlar olib borilmoqda. Hozir sakkizta kompaniyaning bu boradagi takliflari o`rganib chiqilmoqda. Natijada bir martalik chiptalar, yagona to`lov kartalari, kredit kartochkasidan foydalanish, mobil telefon orqali to`lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Hozir yo`lkirani elektron shaklda to`lash, xususan, mobil telefon orqali amalga oshirish “Mustaqillik” metro bekatida sinovdan o`tkazilmoqda.
Matbuot anjumanida haydovchi va chipta sotuvchilarning xizmat ko`rsatish madaniyatini oshirish, “Ishonch telefoni” orqali tushayotgan murojaatlar ijrosi, yo`lovchi transportida xavfsizlikni ta`minlash va boshqa masalalar xususida so`z yuritildi. Jurnalistlar o`z savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.