1

Huquqiy monitoring: muammo, vazifa va xorij tajribasi...

Siyosat 06.11.2019, 18:44
Huquqiy monitoring: muammo, vazifa va xorij tajribasi...

Ijro etilmagan qonun chiqarilmagan qonundan zararliroq. Chunki ijro etilmagan qonun hujjatlari jamiyatda huquqiy nigilizmni avj oldiradi.

Joriy yilning 2 noyabrida“Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. 

Xo`sh, mazkur hujjat qabul qilinishiga nima zaruriyat bor edi-yu, hujjatning qabul qilinishi nimalarni o`zgartiradi? 

Muammo

Islohotlar shiddat bilan davom etayotgan sharoitda qabul qilinayotgan hujjatlar soni va ko`lami ham ancha kengaydi.

Xususan, 2017–2019 yillarda 162 ta qonunlar, 1244 ta Prezident hujjatlari, 2158 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan.

O`z-o`zidan savol tug`iladi: ushbu hujjatlarning hammasi ham amaliyotda to`g`ri qo`llanilyaptimi? Ularning ijro etish samaradorligi qanday? Ishlatishda qanday muammolarga duch kelinayapti? 

Afsuski, ayrim hollarda u yoki bu qonun hujjati amaliyotda uning maqsadlariga muvofiq tarzda qo`llanilmaydi yoki lozim darajada bajarilmaydi. Achinarlisi, bu kamchiliklar u yoki bu organ faoliyatini nazorat qiluvchi idoralar tomonidan tekshirilgan paytdagina aniqlanadi. Albatta, tekshirishlar yakunida kamchiliklar bartaraf qilinib, hujjat ijrosini to`g`ri yo`lga qo`yish haqida zaruriy ko`rsatmalar beriladi. Ammo bu orada eng qimmatli narsalar – vaqt hamda odamlarning ishonchi yo`qotiladi.

Masalan, qonun hujjati bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ko`chma savdo faoliyati bilan shug`ullanish uchun hokimliklardan ruxsatnoma olish talabi bekor qilingan. Biroq ko`chma savdo bilan shug`ullanishni tartibga soluvchi boshqa normalar, xususan, Ko`chma savdoga ruxsat berish tartibi to`g`risidagi nizom tegishli o`zgarishsiz qolgan. Bu esa ayni faoliyatni tartibga solishda turlicha yondashuvlarni keltirib chiqargan.

Shu bilan birgalikda, qabul qilingan barcha qonun hujjatlari ijrosini o`rganish va tahlil qilish uchun nazorat qiluvchi idoralarda resurs va vaqt etishmaydi. Bu esa o`z-o`zidan qonun hujjatlarini qo`llash samaradorligini tahlil qilish, baholash, natijadorligini monitoring qilish mexanizmini yo`lga qo`yish zaruriyatini keltirib chiqaradi. 

Qonun hujjati qanchalik puxta-pishiq ishlab chiqilgan bo`lmasin, agar u amaliyotda noto`g`ri qo`llanilayotgan yoki lozim darajada ijro etilmayotgan bo`lsa, bunday hujjat faqatgina islohotlarning samaradorligiga salbiy ta`sir qiladi.

Prezidentning mazkur qarori aynan shu bo`shliqni bartaraf etish, qonunhujjatlari ijrosini ta`minlash samaradorligini yanada oshirish, noto`g`ri yoki ziddiyatli huquqni qo`llash amaliyotiga olib keladigan normalar paydo bo`lishining oldini olish, ularni o`z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan.

Xorij tajribasi 

Har qanday davlat tarixida islohotlar shiddatli ravishda olib borilgan davr bo`lgan. Tabiiyki, ushbu jarayonda qabul qilinayotgan hujjatlar samaradorligini baholash zaruriyati ham yuzaga kelgan. Shundan kelib chiqib, har bir davlat bu jarayonni tartibga solishga harakat qilishgan.

Bu borada xorij tajribasi o`rganilganda, ko`pgina mamlakatlarda norma ijodkorligining sifati va samaradorligini tahlil qilish uchun huquqiy monitoring asosiy vosita bo`lgani ko`rindi.

Masalan, Rossiyada huquqiy monitoring o`tkazish Prezidentning “Rossiya Federasiyasida huquqni qo`llash monitoringi to`g`risida”gi Farmoni bilan, Qozog`istonda – Hukumatning “Huquqiy monitoring o`tkazish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori bilan tartibga solinadi. 

Adliya vazirligiga qo`shimcha vazifa yuklandi

Qaror bilan qonun hujjatlarini amaliyotda qo`llash samaradorligini tahlil qilish va ularning funksionalligini aniq mezonlar asosida baholash tizimini yaratildi. Shuningdek, norma ijodkorligi va huquqni qo`llash amaliyoti o`rtasidagi o`zaro aloqa tizimi takomillashtirildi.

Mazkur ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida, Adliya vazirligidavlat boshqaruv organlarining huquqiy monitoringni o`tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek qaror bilan huquqiy monitoring tizimining asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan:

normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;

huquqni qo`llash amaliyotning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini o`rganish;

ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to`liqligini ta`minlash, shuningdeknormativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaga oid omillarni aniqlash va bartaraf etish kabi boshqa yana bir qator vazifalar belgilandi.

Maxsus vakolatli organ sifatida Adliya vazirligigadavlat boshqaruv organlari tomonidan o`tkaziladigan huquqiy monitoring jarayonida ishtirok etish, huquqiy monitoringni o`tkazishda qoidabuzarliklarni bartaraf etish to`g`risida bajarilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritish kabi qo`shimcha vakolatlar berildi. Hozirda Adliya vazirligining markaziy apparatida huquqiy monitoring bo`yicha maxsus bo`lim tashkil etildi, ushbu bo`lim qarorda belgilab berilgan asosiy vazifalarni ijrosini sifatli va o`z vaqtida ta`minlab berishga xizmat qiladi.

Huquqiy monitoring qanday o`tkaziladi?

Qarorga muvofiq, respublikamizda huquqiy monitoring Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o`tkazish rejasi asosida amalga oshiriladi. 

Jumladan, mazkur reja Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruv organlari taqdim etgan takliflar asosida shakllantirilishi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Huquqiy monitoringni o`tkazish bilan bog`liq jarayonlar maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.

Huquqiy monitoring o`tkazishni tashkil etish va muvofiqlashtirish davlat organlarining yuridik xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o`tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, ularni sifatini yanada yaxshilash maqsadida takroriy huquqiy monitoring o`tkazishi mumkin. Bu ham davlat organlarining mas`uliyati oshishiga xizmat qiladi.

Davlat boshqaruvi organlari tomonidan o`tkazilgan huquqiy monitoring natijalarini tahlil qilish hamda tegishli chora-tadbirlar belgilash maqsadida ular to`g`risidagi hisobot Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilinadi.

Huquqiy monitoring natijalari to`g`risidagi hisobotni ko`rib chiqish yakunlari bo`yicha ommaviy axborot vositalarida ham e`lon qilinishi mumkin.

Ushbu qarorning qabul qilinishi normativ-huquqiy hujjatlarning joylardagi ijrosi bir xilda tashkil etilishini, sohalar bo`yicha o`tkazilayotgan islohotlarning quyi bo`g`inlarigacha etib borishini ta`minlaydi.

Adliya vazirligi mas`ul xodimi X.Meliev

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1