1

Tanzila Narbaeva O`zbekistonda mehmon bo`lib turgan Manfred Grund boshchiligidagi Germaniya delegasiyasi bilan uchrashuv o`tkazdi

Siyosat 01.05.2024, 11:22
Tanzila Narbaeva O`zbekistonda mehmon bo`lib turgan Manfred Grund boshchiligidagi Germaniya delegasiyasi bilan uchrashuv o`tkazdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva  yurtimizda mehmon bo`lib turgan Germaniya Bundestagidagi “Germaniya – Markaziy Osiyo”  parlament guruhi raisining o`rinbosari Manfred Grund boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston va Germaniya munosabatlarining keng doirasi, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog`ida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, tez rivojlanib borayotgan O`zbekiston bilan ko`p qirrali munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanligi  aytib o`tildi.  Birinchi navbatda barqaror o`sib borayotgan iqtisodiy yo`nalishda tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, yangi investisiyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo`yicha qiziqish bildirildi.

Ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarlarda parlamentlararo muloqotning muhimligidan kelib chiqib, bu borada qator rejalarga to`xtalib o`tildi. Xususan, ikki tomonlama aloqalarni huquqiy jihatdan ta`minlash, parlament qo`mitalari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni o`rnatish va uni yana-da rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, elektron parlamentni joriy etish bo`yicha tajriba almashishga kelishib olindi.

Delegasiya a`zolari tomonidan O`zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi va mazkur jarayonda Germaniya faol ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.      

Suhbat davomida mehnat munosabatlari, gender tenglikni ta`minlash, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, madaniy-gumanitar sohalarda ham hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari bo`yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida o`zaro tashriflarni tashkillashtirgan holda O`zbekiston va Germaniya parlamentlari munosabatlarining yangi yo`nalishlarini belgilab olish maqsadida hamkorlikka oid tegishli hujjatlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1