AsosiyJamiyat

Pista po`chog`i va sigareta qoldiqlarini tashlagan fuqarolar jarimaga tortiladi!

'Pista po`chog`i va sigareta qoldiqlarini tashlagan fuqarolar jarimaga tortiladi!'ning rasmi

Navoiy shahrida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo`limi xodimlari tomonidan shahar markaziy ko`chalarda chiqindilarni istalgan erlarga tashlab ketish holatlarini aniqlash maqsadida tezkor reyd tadbirlari o`tkazilayotgani, jumladan pista po`chog`i va sigareta qoldiqlarini tashlagan fuqarolar jarimaga tortilayotganligi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi sodir etilgan huquqbuzarliklar, chiqindilar bilan bog`liq ishlarda qonunchilikni buzganlik uchun aybdor shaxslarni o`rnatilgan tartibda ma`muriy javobgarlikka tortish huquqiga egadir.

Ma`lumot uchun shuni ta`kidlash joizki, qattiq maishiy chiqindilar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan “Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish” qoidalariga asosan jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo`luvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek, ularning hududida va obodonlashtirish ob`ektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo`luvchi chiqindilar (oziq-ovqat va o`simlik chiqindilari, to`qimachilik mahsulotlari, o`rash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qog`oz, plastmassa, yog`och chiqindilari, o`zining foydalanish xususiyatlarini yo`qotgan uy-ro`zg`or buyumlari, supurindi, shuningdek, qattiq yoqilg`ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug`qozonlaridan foydalanish natijasida hosil bo`luvchi chiqindilar) hisoblanadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 787-son qarori bilan tasdiqlangan “Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi ob`ektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish qoidalari”ning 26-bandiga ko`ra jismoniy va yuridik shaxslar uchun qattiq maishiy chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarga va ob`ektlarga (ko`chalarga, hovlilarga, suv yo`llariga, ariq va qattiq maishiy chiqindilarni to`plash, joylashtirish va ko`mish uchun mo`ljallanmagan boshqa joylarga) tashlash hamda joylashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni avtotransport vositalaridan ularning to`xtashi, to`xtab turishi yoki harakatlanishi vaqtida ruxsat etilmagan joylarga va ob`ektlarga tashlash taqiqlangan.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 911-moddasiga muvofiq belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to`kish fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Kodeksning 261-moddasida mazkur huquqbuzarlik bilan bog`liq ishlarni ko`rib chiqish O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi organlariga taalluqli ekanligi va ushbu organlarning tegishli mansabdor shaxslari jarima solish tariqasida ma`muriy jazo chorasini qo`llashga haqliligi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar