AsosiyJamiyat

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi

'Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi'ning rasmi

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi va O`zbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining barcha tuman (shahar)larida Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarini tashkil qilish to`g`risidagi taklifi ma`qullanishi mumkin.

Markazlar yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan holda, “Oila” markazining tuman (shahar) bo`limlari huzurida tashkil etiladi.

Markazlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

zamonaviy oilaning namunali shaklini xamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitusiyaviy prinsipini, “Farovon oila - jamiyat ravnaqining asosi” konseptual g`oyasini nikohlanuvchilarning ongiga singdirib borish;

nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo`yicha tizimli tayyorlashni yo`lga qo`yish;

nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sog`lom ma`naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo`lish ko`nikmalarini shakllantirishda ko`maklashish;

mashg`ulotlar, nazariy-amaliy kurslar, mahorat saboqlari, davra suhbatlari, seminar-treninglarni ilg`or ijobiy xorijiy tajribalarni inobatga olib, o`quv jarayoniga eng so`nggi ilmiy-uslubiy texnologiyalar va reklama-axborot usullarini joriy etgan holda tashkil etish;

yosh oila holati va rivojlanishini har tomonlama o`rganish, jumladan monitoring tadqiqotini tashkil etish.

“Oila” markazining markaziy apparati, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) bo`limlarida Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo`shimcha bittadan shtat birligi - yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo`yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbai etib quyidagilar belgilanadi:

Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi, O`zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg`armasi, mahalliy byudjet mablag`lari, homiylar va xalqaro tashkilotlar grantlari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markaz faoliyatini tizimli tashkil etish maqsadida:

a) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar xokimliklari:

FHDYo organlari markazlarga nikohni qayd etish uchun ariza bergan shaxslarning roziligi bilan shakllantirilgan ro`yxatini o`z vaqtida taqdim etilishini ta`minlaydi.

b) O`zbekiston yoshlar ittifoqi:

oila mavzusiga bag`ishlangan ta`sirchan videofilm, videoroliklar, infografik lavhalar mediatekasini tashkil etadi;

ishtirokchilarni nikoh va oila munosabatlarini targ`ib qiluvchi tarqatma materiallar bilan ta`minlaydi.

v) O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

markazlarda nikohlanuvchi yoshlarga oiladagi er-xotin huquq va majburiyatlariga oid mashg`ulotlar o`tkazilishida amaliy yordam ko`rsatadi;

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyatini targ`ib etishda ko`maklashadi;

ishtirokchilarni oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari bilan ta`minlaydi.

g) O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi va Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi bilan birgalikda:

markazlarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash jarayoniga yuqori malakali mutaxassislar jalb qiladi;

markazlar faoliyatini ilmiy-metodik qo`llanmalar va tarqatma materiallar bilan ta`minlashda amaliy yordam ko`rsatadi.

    Boshqa yangiliklar