O`zbekiston 2018 yilning yakunlariga ko`ra xurmo eksporti bo`yicha dunyoning etakchi uchligidagi joyini yo`qotdi va o`z o`rnini Xitoyga bo`shatib berdi. Bu haqda EastFruit tahliliy agentligi xabar qildi.
“O`zbekistondan xurmo eksporti jami 55 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan 18 ming tonnaga kam”, - deyiladi xabarda.
Ma`lumki, O`zbekistonning deyarli barcha xurmosi Qozog`iston va Rossiya bozorlariga etkazib berilardi. Shuningdek. Turkmaniston va Qirg`izistonga eksportning kam hajmi eksport qilingan. Biroq, savdo manbalariga ko`ra, Qirg`iziston va Qozog`istonga etkazib berilgan O`zbekiston xurmosining katta qismi keyinchalik Rossiya bozoriga qayta eksport qilingan.
Qayd etilishicha, O`zbekistondan Belarus va Ukrainaga xurmo etkazib berish hajmi sezilarli darajada o`sgan. Belarusga eksport 763 tonnagacha, Ukrainaga esa ikki baravarga ko`paydi - 593 tonnagacha. BAA bozorida ham O`zbekiston xurmosining sinov partiyasi sotuvga chiqarildi.
Ispaniya va Ozarboyjon dunyoda xurmo eksporti bo`yicha etakchi bo`ldi. Bu davlatlar 2018 yilda mos ravishda 168,3 ming tonna va 150,9 ming tonna meva eksport qildi.
Eslatib o`tamiz, prezident Shavkat Mirziyoev mutasaddilar oldiga ayrim tumanlarni eksportbop mahsulotlarni etishtirishga ixtisoslashtirish vazifasini qo`ygan. Shuningdek, prezident 2020 yilda meva-sabzavotlar eksporti hajmini 5 mlrd dollarga etkazish bo`yicha topshiriq bergan.