Kuzatuvlarga ko`ra, dunyoda 15-20 foiz hollarda homilador ayollarda homila tushishi kuzatiladi. Buning asosiy sababi nima? Homila tushishining oldini olish mumkinmi? Bu holatni boshdan kechirgan ayollarda ruhiy stress jarayoni kuzatiladi. Ularning barchasida yuqoridagi savollar tug`ilishi shubhasiz. Ushbu savollarga javob olish uchun ginekolog shifokor Jamila Alievaga murojaat qildik. U quyidagicha javob berdi.
–Ginekologiya amaliyotida 20-22 haftagacha bo`lgan homila nobud bo`lishi “homila tushishi” deb ataladi. Xo`sh, nega aynan 20-22 haftalik deya belgilab qo`yilgan? Chunki shifokorlar 500 g va undan katta vaznli homilani omon saqlab qolishi mumkin. Undan kam vaznda tug`ilgan homilani saqlab qolish kafolatlari nolga teng.
Sabablari turlicha va bir-biridan farq qiladi
Homila tushishi muddatiga ko`ra sabablari turlicha bo`lishi mumkin:
Bola tushishi homiladorlikning qaysi davrida yuz berganiga qarab sabablar bir-biridan farq qiladi.
1 haftalikda
- Ayolning infeksion kasallikka chalinishi, tamaki chekishi, spirtli ichimlik yoki qandaydir dori ichishi.
- Erkakning kashandaligi va ichkilikka ruju qo`yganligi. Farzandli bo`lishni rejalashtirgan erkak 6 oy davomida og`ziga spirtli ichimlik olmasligi nafaqat sog`lom, balki iqtidorli farzand tug`ilishiga zamin yaratadi.
- Homiladorlikning erta davrida nobud bo`lgan embrionlarning 70 foiziga genetik buzilishlar sabab bo`ladi. Agar bu homila saqlab qolinsa ham keyinchalik nogiron yoki irsiy kasallik bilan tug`ilishi ehtimoli katta bo`ladi.
6-12 haftalikda
- Ayol organizmida erkaklarga xos jinsiy gormonlarning haddan oshiqligi, ayol jinsiy gormonlari etishmasligi, qalqonsimon bez faoliyatidagi o`zgarishlar. Aslida bular homiladorlik yuz berishiga to`sqinlik qiladi, lekin mo``jiza yuz berib, ayol homilador bo`lsa, embrion bachadon ichida me`yoriy tarzda rivojlanib ketolmaydi.
- Jinsiy yo`l bilan yuqadigan infeksiyalar.
- Homiladorlik davridagi turli kasalliklar: oddiy shamollashdan tortib, gripp, angina, yuqumli ichak infeksiyalarigacha homila tushishiga olib keladi.
- Bachadon yallig`lanishi va boshqa ginekologik xastaliklar, oldingi abortlar ham homila rivojlanishiga to`sqinlik qilishi mumkin.
- Immun tizimi. Odatda qoni manfiy rezus omili bo`lgan ayollarda homiladorlik davrida qon tarkibida embrionga qarshi antitanachalar paydo bo`ladi va bolani itarib chiqarishga intiladi. Buni oldindan bilib, rezus omili manfiy ayollarga dori-darmonlar yordamida farzandni sog`lom dunyoga keltirishga ko`maklashish imkoniyati mavjud.
- Ayol bachadondagi tug`ma nuqsonlar homilador bo`lishga imkon bermaydi, yuz bersa-da, uni saqlab qolishda to`sqinlik qiladi.
12-22 haftalikda
Homilaning bu davrda nobud bo`lishida ham yuqoridagi sabablar deyarli farq qilmaydi. Biroq bu haftalarda homila tushishiga ko`pincha bachadon bo`yni zaifligi tufayli kattalashgani sabab bo`ladi. Bunday nuqsonda bachadon homilani ushlab qololmaydi.
Oldini olish mumkinmi?
Homiladorlik davomida bunday xavf mavjud bo`lsa, uning oldini olish uchun jarrohlik amaliyoti qo`llanadi. Ya`ni tug`uruqqacha bachadon bo`ynini «yopib» qo`yish usulida homilani saqlab qolishga erishiladi.
Jarrohlik amaliyoti asoratsiz o`tishi uchun muolaja davomida yoki undan so`ng UTTda ayolning bachadoni ko`riladi. Keyin ayolga yotoq tartibiga amal qilish hamda vitamin, antibiotik va gormonal dorilar qabul qilish buyuriladi. 2 haftadan so`ng qayta UTT o`tkazilib, bachadonning qisqarish jarayoni kuzatiladi.
22 haftalikdan so`ng
Odatda, 22 haftadan katta muddatda tushgan (tug`ilgan) go`daklarning yashab ketish imkoniyati yuqori bo`ladi. Bunday muddatdagi homila vazni 500 g dan kattaroq bo`ladi va yashovchanligi yuqoriligi uchun, ular hayotini asrab qolish imkoniyati mavjud.
Gormonal buzilishlar qanchalik xavfli?
Ko`p hollarda homila tushishiga gormonal o`zgarishlar sabab bo`ladi. Gormonal buzilishlar endokrin tizimlardagi, jumladan qalqonsimon bez, me`da osti bezi, jinsiy va boshqa bezlar faoliyatidagi muammolar oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, ba`zi hollarda surunkali stress ham bola tushishi yoki homilador bo`lolmaslik sababi bo`ladi.
Misol uchun, 26 yoshlik ayolning 8 haftalik homilasi tushgan. Shifokorlar bunga gormonal fon o`zgarishi sabab bo`lgan, deya tashxis qo`yadi va ayol shu tashxis bilan yillar davomida davolanadi. Ammo u o`sha homila ko`targan oylarda yaqin odami vafot etgani sabab u og`ir ruhiy inqirozga uchragan edi. Lekin u ruhiy tushkun holatdan chiqishga e`tibor qaratmaydi.
Yillar o`tib, 15 yildan so`ng ayol 40 yosh bo`lganda uzoq kutilgan farzand dunyoga keladi. Vaholanki ayol organizmidagi stress natijasida yuzaga kelgan o`zgarishlarni ko`pi bilan bir yil ichida to`g`rilash mumkin edi. Gormonlar ishlab chiqarilishi miya faoliyati bilan bog`liq bo`lganligi sababli har qancha davolansa ham ruhiyatda qo`rquv va havotir bo`lsa, tibbiy choralar foyda bermasligi mumkin.
Homilador bo`lishga shoshilmang!
Ba`zan qayta homiladorlikda ham bola tashlash ro`y beradi. Buning boisi homilasi tushgan ayollarning ko`pi yana homilador bo`lishga shoshiladi. Organizm o`zini tiklab olishi uchun bola tushgandan keyin kamida yarim yil o`tishi shart!Negakimuddatidan oldin to`xtagan homiladorlik gormonlar o`zgarishiga sabab bo`ladi. Gormonal fonni izga solish uchun shifokor tavsiyalariga amal qilish zarur.
Endi nima bo`ladi?
Ba`zan organizm rivojlanishdan to`xtagan homilani chiqarib tashlaydi, ya`ni bola tushishi sodir bo`ladi.
Agar halok bo`lgan homila bachadonda 6-7 hafta qolib ketsa, bunda qon ketish xavfi ortadi. Bundan tashqari nobud bo`lgan homila qoldiqlari ayol organizmini zaharlay boshlaydi.
Tezkorlik talab etiladigan vaziyatlarda bachadon maxsus usulda tozalanadi. Keyin nobud bo`lgan homilaning to`qimalari gistologik va boshqa tekshiruvlarga yuboriladi. Uni tekshirish juda muhim. Chunki rivojlanishdan to`xtagan homila ayol bachadonida uzoq vaqt qolib ketsa, hayot uchun xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin.
Darvoqe
Bu alomatlar kuzatilganda vaqtni o`tkazmay ginekologga murojaat qiling.
Aniq tashxis homilador ayol UTT hamda vaginal tekshiruv o`tkazilganidan keyin qo`yiladi.
Manzura BEKJONOVA tayyorladi.