So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda qator sayyohlik firmalari tomonidan muqaddas Umra ziyoratini tashkil qilish bo`yicha turli reklamalar ko`payib bormoqda. Shuningdek, ayrim e`lon qilinayotgan “buyurtma” maqolalarda Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi sha`niga turlicha tuhmatlar yog`dirilmoqda. Jumladan, Feysbuk ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchilari tomonidan asossiz va aholini chalg`itish uchun qoldirilayotgan ma`lumotlar yuzasidan Din ishlari bo`yicha qo`mita quyidagilarni ma`lum qiladi:
Umra va haj tadbirlari diniy ibodat bo`lib, yurtimiz musulmonlarining diniy nuqtai nazardan ushbu ziyoratlarini tashkil etish, boshqarish va amallarni hanafiylik mazhabi asosida mukammal ado etish bo`yicha yagona vakolatli va mas`ul tashkilot O`zbekiston musulmonlari idorasi hisoblanadi.
Eslatma: Haj ziyorati O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita va Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra vazirligi o`rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Umra ziyorati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Har yilgi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha jamoatchilik kengashini tashkil etish to`g`risida»gi 2006 yil 28 avgustdagi PF-3793-sonli Farmoni bilan tashkil qilingan Jamoatchilik kengashi bilan kelishgan holda O`zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o`rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Din ishlari bo`yicha qo`mita yoki O`zbekiston musulmonlari idorasi Umra va haj tadbirlaridan iqtisodiy manfaat ko`rmaydi.
Ma`lumki, Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan Umra tadbirlari yil davomida kvotasiz amalga oshirilishi belgilanib, 2018 yil 28 oktyabrdan boshlab haftasiga 3 ta reys, 2019 yilning 1 aprel kunidan e`tiboran haftasiga 7 ta reys asosida Umra safariga fuqarolarimizni muntazam yuborish boshlandi. Natijada ushbu qisqa muddat ichida 28 mingga yaqin yurtdoshlarimiz Umra safarida bo`lib qaytdilar.
Ta`kidlash lozimki, Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan Haj va umra tadbirlarini tashkil etish sohasida firibgarlik, viza, hujjatlarni qalbakilashtirish va boshqa shu kabi iqtisodiy huquqbuzarliklarning oldini olish, ushbu sohada shaffoflikni ta`minlash va ziyoratchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2019 yilning sentyabr oyidan umra sohasida Yagona elektron platforma ishlab chiqildi va joriy etildi.
Ushbu yangi tizimni amalda joriy etilishi ham umra vizasini taqdim etishda ba`zi kechikishlarga olib keldi. Shunga qaramasdan, Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshirilgan sa`y-harakatlar natijasida 2019 yilning 14 noyabr kunidan boshlab har kuni fuqarolarimizning “Toshkent-Jidda-Toshkent” yo`nalishida Umra safarlari tashkil etilayotganligini ma`lum qilamiz.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan umra vizasini O`zbekiston Respublikasi fuqarosi uchun xorijda rasmiylashtirish tartibi bo`yicha shuni alohida ta`kidlab o`tish kerakki, xorijning istalgan davlatlarida belgilangan tartibda rasmiy ro`yxatdan o`tgan holda “rezident” sifatida yashovchi O`zbekiston Respublikasi fuqarosi ushbu mamlakatdagi Saudiya konsullik xizmatiga murojaat qilib umra vizasini rasmiylashtirishi mumkin. Mazkur tartib-qoida Saudiya hukumati tomonidan joriy etilgan bo`lib, Umra safariga boruvchi har qanday fuqaro o`zi yashab turgan mamlakatidagi Saudiya konsullik xizmatidan viza rasmiylashtirishi belgilangan.
Masalan, indoneziyalik ziyoratchi Turkiyada joylashgan konsullik xizmatidan umra vizasini rasmiylashtirishi uchun Turkiyada muqim yashayotgani haqidagi hujjatni Saudiya konsullik xizmatiga taqdim etishi zarur. Aks holda, ushbu umra vizasini Indoneziyadagi Saudiya konsullik idoralaridan rasmiylashtirishi lozim bo`ladi.
Umra tadbiri yurtdoshlarimiz uchun muqaddas ibodat hisoblanadi. Ammo oxirgi yillarda umra tadbirini tashkil etish maqsadida diniy ziyoratlarni tashkil etishga vakolati va diniy sohaga aloqasi bo`lmagan “o`rtakashlar” ushbu amaliyot bilan shug`ullana boshlagan. Sababi, ushbu faoliyat sezilarli moliyaviy investisiyani talab etmaydi, bu soha reklamaga muhtoj emas va muntazam daromad manbaini tashkil etadi. Shuning uchun ham ayrimlar go`yoki xalqimiz uchun xizmat qilish da`vosida o`z manfaatini o`ylab, Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasiga “monopoliya”da ayblab tosh otmoqda...
O`ylaymizki, O`zbekiston Respublikasida diniy ibodat va amallarni amalga oshirishda vakolatli mutasaddi va mas`ullarni izohlab o`tishga zarurat yo`q!
Unutmang! Yurtimizdan uchinchi davlatlar orqali umra vizasini rasmiylashtirib, Saudiya Arabistoni Podshohligiga yuborayotgan ayrim turfirmalar Saudiya Arabistoni viza nizomiga zid ravishda ish tutmoqdalar. Ushbu salbiy holatlar Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi tomonidan rasmiy qayd etilmoqda. Bu kabi sayohat dasturlarida tibbiy xizmat, huquqiy himoya ta`minlanmagan va diniy amallarni to`laqonli bajarilishida nuqsonlar mavjud.
Shuningdek, ba`zi mahalliy turagentlar va tijoratchilar tomonidan O`zbekiston fuqarolariga Saudiyaning turizm vizalarini qalbakilashtirish holatlari ham ko`payib ketganligi to`g`risida rasmiy nota olindi. Hozirgi kunda 49 ta davlat fuqarolari uchun joriy etilgan Saudiya Arabistonining turizm vizasi O`zbekiston fuqarolariga taqdim etilishi nazarda tutilmagan. Biroq, joriy yilning oktyabr oyida ayrim “o`rtakash shovvozlar” Saudiya onlayn tizimida yurtimiz fuqarolari uchun elektron turizm vizasini Qozog`iston fuqarosi nomidan rasmiylashtirib, keyinchalik texnik vositalar orqali uni qalbakilashtirib, firibgarlik yo`li bilan Saudiya Arabistoniga bir nechta guruhlarni Umra ziyoratiga yuborgan. Natijada, Saudiya chegara xizmati tomonidan 400 dan oshiq O`zbekiston fuqarolari deportasiya qilindi.
Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, ba`zi “tijoratchilarning” pul ketidan quvishi natijasida fuqarolarimiz uchun muqaddas hisoblangan Haj va umra ibodatlarini tashkil etishda ham firibgarlik holatlari aniqlandi hamda bir nechta shaxslar ustidan shikoyat arizalari ko`rib chiqilmoqda.
Dono xalqimizdan muborak ibodatlarni bajarishda O`zbekiston hukumati yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, muqaddas Islom dinimiz talablari asosida Umra ziyoratini ado etishlarini so`raymiz. Bu ibodatlarni tashkil etishga kirishgan, o`zini xalqparvar qilib ko`rsatayotgan manfaatdor shaxslarning tegirmoniga suv quyib, xalqimiz orasida turli tushunmovchiliklarni kelib chiqishiga sherik bo`lib qolmaylik.
Maqsadimiz – vatandoshlarimizning umra ibodatini eson-omon, xavfsiz va mukammal bajartirib, oila a`zolari, yaqinlariga topshirish. Bu mamlakatimizdagi yurtdoshlarimizga bo`lgan g`amxo`rlikning namunasidir. Shunday ekan, Baytulloh ziyoratiga ham sabr bilan etishsak, “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” degan muborak kalimaga munosib ish qilsak, albatta, sabrimizga Yaratganning o`zi chiroyli mukofot bilan javob beradi.
Shu o`rinda fuqarolarimizning diniy e`tiqodlarini o`yin qilayotgan ayrim shovvoz “bloger”larga xolisona nasihat. Iltimos, diniy ibodat masalasida xalqimizni chalg`itmang hamda davlat organlari va mas`ul idoralarni asossiz ayblashdan tiyiling. Umra ibodatini tashkil etish masalasida hukumat va mutasaddi idoralarni asossiz ayblab, muborak ibodatni sayohat va tijoratga aylantirayotgan, o`z cho`ntagini qappaytirish ilinjida, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ulardan moddiy manfaat orttirish maqsadida yurganlarga xizmat qiluvchi bo`lib qolmang!
Hurmatli yurtdoshlar, unutmangki, biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam bo`lishi tarafdorimiz. O`z navbatida, turli buyurtma va shaxsiy manfaat ortidan quvib yozilgan har qanday xabarlarga e`tibor bermasligingizni so`rab qolamiz!” — deya xulosa qiladi Din ishlari bo`yicha qo`mita.