1

“Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?”

Jamiyat 15.11.2019, 19:18
“Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?”

Bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan ustuvor g`oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishda yoshlarni vatanparvar, mard va jasur, sadoqatli va halol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ustuvor vazifaning muhimligidan kelib chiqib, IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.  O`tkazilgan tadbirlarda vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanishi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch ekanligini tushuntirib berilmoqda. Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, mahallalarda sog`lom muhitning barqarorligini ta`minlash hamda o`z Vatanining ravnaqi yo`lida yoshlar mas`uliyati amaliy misollar orqali tushuntirilmoqda.

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan kollej o`quvchilari bilan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir biz uchun katta saboq bo`ldi, – dedi Farg`ona viloyati Rishton tumanidagi tibbiyot kollejining 3-bosqich o`quvchisi Husnida Ne`matova. – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga etishimiz, ushbu bebaho ne`matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to`g`risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida o`tkazilgan viktorina biz o`quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo`ldi. 

– Poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar tomonidan kollejimizda o`tkazilgan tadbir tengdoshlarim qatori, menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Toshkent viloyati Piskent tumanidagi agrosanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kollejining 3-bosqich o`quvchisi Mansuba Zuxurova. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga etishi, uni asrab-avaylashga hissa qo`shishda har bir kishining mas`uliyati, burchi haqida tushunchalar berildi hamda o`tkazilgan viktorina orqali biz o`zimizga tegishli ma`lumotlarni oldik. Ayniqsa, “Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?” degan savolga o`quvchilarning turli yondashuvlari bilan bahsga aylanib ketdi. Bu tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz. 

– Biz dunyo havas qilayotgan, tobora rivojlanib, yildan-yilga obod bo`layotgan mustaqil Vatanimizda sog`lom va barkamol bo`lib ulg`aymoqdamiz, ­– deydi Farg`ona viloyati Bog`dod tumani pedagogika kasb-hunar kollejining 2-bosqich o`quvchisi Sanobar Otajonova. ­– Ayniqsa, yoshlarga ko`rsatilayotgan yuksak e`tibor, g`amxo`rliklarga o`z yutuqlarimiz, xalqimizga sadoqatimiz, tinimsiz izlanish va mehnatimiz bilan javob berishimiz, ishonchni oqlashimiz shart. Ushbu tadbir tengdoshlarimizda Vatanimiz ravnaqi uchun mas`ullik hissini yanada oshirdi.Bugungi kunning har bir daqiqasi biz uchun juda qadrli. Zero, o`z ustimizda o`qib-o`rganishimiz ertangi kunimizni belgilab beradi. 

“Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati” mavzusidagi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar Chirchiq shahridagi tibbiyot kollejida, Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 8-sonli, Bektemir tumanidagi 290-sonli umumta`lim maktablarida va Ichki ishlar vazirligiga qarashli 1-sonli akademik liseybda ham o`tkazildi. 

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, seminar-treninglar, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1