2019 yil 16 noyabr kuni Samarqand viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva ishtirokida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha viloyat hududiy komissiyasi faoliyatiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Senat a`zolari, viloyat hududiy komissiyasi vakillari ishtirok etdi.

Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda odam savdosi va majburiy mehnatga barham berish masalasi davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan.
Hisobot davrida turli sabablarga ko`ra chet mamlakatlardan deportasiya qilingan 273 nafar shaxs bilan yakka tartibda profilaktika ishlari olib borildi, komissiya a`zolari bilan birgalikda ularning barcha muammolarini hal etish choralari ko`rildi. Ularning xorijiy davlatlarga chiqish yo`llari, deportasiya bo`lish sabablari o`rganildi.
Shuningdek 34 nafar odam savdosi qurboniga yordam ko`rsatilib, ular respublika reabilitasiya markaziga yuborildi.
Majlisda odam savdosi bo`yicha jinoyat-qidiruv ishlarini kuchaytirish zarurligi ta`kidlandi.

NNT bilan hamkorlik qilish, profilaktika inspektorlari uchun o`quv kurslari o`tkazish, ularni bunday huquqbuzarliklarni tezlikda aniqlash va ularga o`z vaqtida e`tibor qaratishga o`qitish taklif etildi. Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.






