Xabaringiz bor, bir muddat avval Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markazi tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda mazkur — oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kursiga kirish imtihonlari boshlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Sevara Urinboeva ma`lum qildi.
Qayta tayyorlash kursiga kirish imtihonlari yuridik kasbni tanlashning asoslantirilishi, huquq sohasidagi tayanch bilimlar va tahliliy fikrlashni aniqlash nuqtai nazaridan suhbat asosida 2019 yilning 22 noyabriga qadar ikki smenada bo`lib o`tishi belgilangan.
Suhbat adliya vaziri o`rinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori boshchiligidagi mazkur universitet professor-o`qituvchilar tomonidan o`tkazilmoqda.
Imtihon jarayonlarining shaffof, adolatli va keng jamoatchilik nazorati ostida o`tishini ta`minlash maqsadida suhbat jarayoni birinchi marta samera.telecomtv.uz sayti orqali onlayn translyasiya qilib borilmoqda.
Bu haqda nimalarni bilamiz?
Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markazi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Hozirgi kunda Markazda Oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kursi faoliyat olib bormoqda.
Qayta tayyorlash kursi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida faoliyat olib borish uchun etarli darajadagi bilim olishni va ko`nikma shakllantirishni nazarda tutadigan oliy ta`limdan keyingi o`qitish shakli hisoblanadi.
Qabul kvotasi va to`lov miqdori
Ushbu qayta tayyorlash kursiga qabul kvotasi 100 (75 o`zbek, 25 rus) ta qilib belgilangan. O`qitish to`lov-kontrakt asosida amalga oshirilib, bugungi kunda uning miqdori 10 000 000 so`mni tashkil etadi.
Ayni paytda, 79 ta mutaxassislik bo`yicha oliy ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar qayta tayyorlash kurslariga hujjat topshirishlari mumkin.
Hujjatlar qabuli va hujjat topshirganlar haqida
Kurslarga talabgorlardan hujjatlarni qabul qilish 2019 yil 2 oktyabrdan
31 oktyabrga qadar centertsul.uz va qabul.centertsul.uz saytlari orqali faqat elektron shaklda amalga oshirildi.
Ushbu davr mobaynida 314 nafar (282 nafar o`zbek guruhiga, 32 nafar rus guruhiga) talabgor qayta tayyorlash kurslariga o`qishga kirish uchun hujjat topshirdi.
O`qish qachondan boshlanadi?
Suhbat natijalariga ko`ra qayta tayyorlash o`quv kurslariga qabul qilingan shaxslar uchun o`quv jarayoni 2020 yil yanvar oyidan boshlanadi va 6 oy davom etadi.
O`qishni bitirgach, kim bo`laman?
Albatta, bu savol imtihon topshiruvchilarni o`ylantirishi tabiiy. Mazkur kurslarni tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida ishlash huquqiga ega bo`ladilar.
Xulosa qilib aytganda, Markazda tashkil etilgan qayta tayyorlash kurslari davlat organlari va boshqa tashkilotlarning yuridik xizmatlarida samarali ish faoliyatini olib boradigan kadrlarni tayyorlashga, shuningdek milliy yuridik kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.