1

Osiyo Kubogi: qiziqarli faktlar

Sport 20.01.2015, 19:46
Osiyo Kubogi: qiziqarli faktlar

Mirjalol Qosimov o`zbek futboli tarixiga Osiyo Kuboklarida ikkita o`yinga bir xil tarkib tushirgan birinchi murabbiy sifatida kirganligi haqida xabar bergan edim. Bosh murabbiyimiz guruh bosqichining 3-turida tarkibda 5 ta o`zgarish qildi. Bundan tashqari asosiy tarkibning yoshi ham o`zgardi. O`tgan o`yinlarda o`rtacha yosh 29,5 ni tashkil qilgan bo`lsa, 3-turda o`rtacha 28,1 yoshli tarkib maydonga tushdi.
***
Sardor Rashidov Osiyo Kuboklaridagi terma jamoamizning hisob bo`yicha to`rtinchi dublini qayd etdi. Osiyo Kuboklaridagi ilk dubl 2007 yilda qayd etilgan. O`shanda Malayziyaga qarshi to`p surgan terma jamoamiz safida Maksim Shaskix dubl qayd etgan edi. O`sha o`yinda biznikilar 5-0 hisobida g`alaba qozonishgan. 2011 yilgi turnirda esa ikkita o`yinda dubl qayd etilganini yaxshi eslasangiz kerak. Biri chorak finalda Iordaniya darvozasiga Ulug`bek Baqoev ikkita to`p kiritib, bizni yarim finalga olib chiqqan bo`lsa, ikkinchisi 3-o`rin uchun Janubiy Koreya bilan bo`lgan bahsda Aleksandr Geynrix dubl qayd etib, bizni yirik mag`lubiyatdan qutqarib qolgan edi. Bugungi kungacha Osiyo Kuboklarida hamyurtlarimiz xet-trik qayd etishmagan.
***
Osiyo Kuboklarida 5 ta holatda zahiradan maydonga tushgan futbolchimiz gol urgan. Bular quyidagilar: 1) 2004 yil. Mirjalol Qosimov. Turkmanistonga qarshi. Hisob: 1-0; 2) 2007 yil. Aziz Ibragimov. Malayziyaga qarshi. Hisob: 5-0; 3) 2007 yil. Aleksandr Geynrix. Xitoyga qarshi. Hisob: 3-0; 4) 2007 yil. Pavel Solomin. Saudiya Arabistoniga qarshi. Hisob: 1-2; 5) 2015 yil. Vohid Shodiev. Saudiya Arabistoniga qarshi. Hisob: 3-1. Ko`rib turganingizdek, murabbiylar orasida Rauf Inileev muvaffaqiyatli o`yinchi almashtirish bo`yicha yaqqol etakchi.
***
Zahiradan maydonga tushib, eng tez gol urgan futbolchi, bu – Pavel Solomin. U maydonga tushgach, 4 daqiqa o`tiboq Saudiya Arabistoni darvozasini ishg`ol qila olgan. Eng qizig`i so`ngi bahsda Vohid Shodiev ham xuddi shu ishni bajardi. Faqat u bu safar 5 daqiqada Saudiya Arabistoni darvozasini zabt etdi. Saudiyaliklar o`yinchi almashtirsak, tizzalari qaltiraydigan bo`lib qolishdi, chamamda.
***
Osiyo Kuboklarida bizning darvozamizga ikkinchi bor penaltidan to`p kiritildi. Bungacha 2011 yilgi turnirda Quvayt terma jamoasi ham darvozamizga penalti orqali yo`l topa olgan edi. O`ylab qarasam, darvozamizga penalti berilsa, raqiblar urolmagandan ko`ra, urgani yaxshi, menimcha. Sababi, penaltidan to`p o`tkazilgan ikkala o`yinda ham O`zbekiston terma jamoasi g`alaba qozona olgan. Quvaytni ham, Saudiya Arabistonini ham. Lekin penalti golga aylanmagan o`yinda aksi bo`lgan. 2000 yilgi musobaqada Yaponiya terma jamoasi bilan bo`lgan bahsda 5-daqiqada darvozamiz tomon penalti belgilangan, ammo Akinori Nishizava bundan unumli foydalana olmagan. Keyin nima bo`lganini yaxshi bilasiz, 8 ta eganmiz.
***
2015 yilgi Osiyo Kubogining guruh bosqichida bironta ham durang qayd etilmadi.
***
2015 yilgi Osiyo Kubogining guruh bosqichi bir xil ssenariyda o`tdi. Ya`ni barcha guruhlarda 1-o`rinni olgan jamoa 9 ochko, 2-o`rinni olgan jamoa 6 ochko, 3-o`rin 3 ochko va nihoyat so`ngi o`rinni olgan jamoa bironta ochko to`play olmadi.
***
Hozircha 3 ta jamoa o`z darvozasidan to`p olib chiqmadi: Janubiy Koreya, Eron, Yaponiya.

Xushnud Xudayberdiev blogidan olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1