AsosiySiyosat

Senatning 24-yalpi majlisi kuni belgilandi

'Senatning 24-yalpi majlisi kuni belgilandi'ning rasmi

Bugun, 25 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi.

Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib borgan mazkur majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to`rtinchi yalpi majlisini joriy yil 30 noyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda dastavval mamlakatimiz tarixida ilk bor  qabul qilingan “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilinadi. Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to`g`risida”gi, “Kasaba uyushmalari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari ko`rib chiqiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.

Bundan tashqari, senatorlar tadbirkorlik sub`ektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni ko`rib chiqadi.  

Senat a`zolari tomonidan “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo`yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to`g`risidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilinadi.  

Shuningdek, Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o`zgartirish hamda boshqa masalalar ko`rib chiqiladi.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz, elektr ta`minoti bilan bog`liq parlament so`rovlari yuborish masalalarini ham muhokama qiladilar.

Oliy Majlis Senati qo`mitalari va devonining yigirma to`rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar