Aslida qiz ham o`g`il ham tabiat ehsoni. Ammo oilada qizlar ko`p bo`lsa o`g`il, o`g`illar ko`p bo`lsa qiz farzand ko`rishni barcha ota-onalar orzu qiladi. Ayrim oilalarda yillar davomida qiz kutishsa, ba`zi birovlar o`g`il ko`ray deb shifokorlardan maslahat so`raydi. "Darakchi" gazetasi va darakchi.uz tahririyatiga ham shu mazmundagi savollar tez-tez kelib turadi.
Shu mavzuga oid savollarga ginekolog Gulnora PO`LATOVA javob berdi:
–Tug`ilajak farzand jinsi ota xromosomasiga bog`liq. Ona xromosomasi XX, otaniki esa XY bo`ladi. Agar otaning Y xromosomasi «chaqqonlik» qilsa, homila o`g`il bo`ladi. Y xromosomaning tezkor harakatlanishiga turli omillar sabab bo`ladi. Shu bois o`g`il ko`rishning aniq bir usuli bor, deb bo`lmaydi. Lekin homila jinsi o`g`il bo`lishiga turtki bo`luvchi holatlar ham yo`q emas.
Ovulyasiya kunini hisoblash
Odatda, tug`ilajak bolaning jinsi ayoldagi ovulyasiya davriga bog`liq. Bilasiz, hozirgi paytda homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollar uchun turli jadvallar ishlab chiqilib, unga ko`ra homila jinsi tanlanmoqda. Masalan, ovulyasiya jadvalini tuzish mumkin. Buning uchun bazal (qin) harorat o`lchanadi yoki UTT yordamida follikulalar nazorat qilinishi mumkin. Shuningdek, ovulyasiya davrida qin suyuqligi oqarib, quyuqlashadi. Spermotozoidlar miqdori ko`payishi va Y xromosomaga imkoniyat oshishi uchun ovulyasiyadan bir necha kun avval munosabatlardan tiyilish tavsiya etiladi.
Qanday ovqatlanish kerak?
Fransuz olimlari olib borgan tadqiqot xulosasiga ko`ra, o`g`il ko`rishni istovchi ayollar kaliy hamda natriyga boy mahsulotlarni iste`mol qilishlari kerak. Bular:
- go`sht mahsulotlari;
- baliq;
- tuxum oqi (sarig`i emas);
- yormali bo`tqalar;
- pishiriqlar, (sutlilaridan tashqari;
- kartoshka;
- dukkaklilar;
- ko`katlar ( shivit va salat bargidan boshqa);
- har qanday meva va qoqilar;
- choy, qahva, gazsiz mineral suv.
Sut, non, kalsiyga boy mineral suvlar, yong`oqning barcha turlari, karam tavsiya etilmaydi.
Mevami yoki sabzvotlar?
Italyan olimlari tug`ilajak farzand jinsini aniqlashda ayolning homiladorlikka qadar qanday mahsulotlar iste`mol qilganini e`tiborga olishadi. Banan, shaftoli, guruchli eguliklarni yoqtirgan ayollarda o`g`il tug`ish ehtimoli yuqori hisoblanarkan. Negaki ushbu mahsulotlar kaliy va natriyga boy. Qizaloqqa homilador bo`lganlar esa ko`proq sabzavotli salatlar, ko`katlar, sutli shokolad va shirinliklarni ixtiyor etishadi.
«Sochlarim qalinlashib qoldi» deng?..
Tana qismlari, ko`krak atrofi va qorinda tuklar ko`payishi, soch tolasining qalinlashishi — tug`ilajak merosxo`rga ishoradir. Aksincha, sochingiz siyraklashib, tana qismlaridagi ortiqcha tuklar o`z-o`zidan kamayib borsa, jajji malikaning onasi bo`lasiz!
Tashqi belgilar nima deydi?
- Bo`lajak onaning qorni uchli bo`lsa (ortidan qarasangiz homilador demaysiz);
- homiladorlikning ilk oylarida ko`ngil aynishi, kuchli toksikoz kuzatilmasa;
- sho`r eguliklarni ko`ngli tusasa, oqsilga boy mahsulotlar — go`sht, sut, pishloq iste`mol qilish istagi ortsa;
- qo`l terisi quruqlashsa;
- oyoq uchi tez-tez muzlab qolsa, uvishish bezovta qilsa;
- ahyon-ahyonda bosh og`riqlari kuzatilsa bu O`G`IL tug`ilishini bildiradi.
- Homilador ayol qornining yuqoriroq joylashishi, bo`ksa va belning to`lishishi;
- kuchli toksikoz, ta`m bilish sezgisining o`zgarishi;
- ko`kraklarning shishib qolishi, ko`krak uchi terisining to`qlashishi;
- meva va shirinliklarga boshqorong`ilik;
- soch tolasi rangini ocharishi;
- yuz terisining quruqlashishi;
- kayfiyat o`zgaruvchanligi, injiqlik, vahima hissi, behuda araz qilish, yig`i — QIZALOQqa «yukli» ekaningizning belgisidir.
Egizak tug`ilishini istaysizmi?
Ko`p homilali homiladorlik quyidagi omillar tufayli yuz berishi mumkin. Ro`yxatdagi biror-bir holat sizga mos kelmasa, diqqat bo`lmang, zero har bir ayol organizmi individual, uning siz uchun mo`ljallangan qanday rejalari borligini esa hamisha ham bila olmaysiz. Demak:
- irsiyat. Egizak farzand tug`ilishi ona avlodidan o`tadi;
- kontraseptiv vositalar. Bu turdagi preparatlar odatda homiladorlikdan saqlanish uchun belgilanadi. Kontrasepsiya qabul qilinishi to`xtatilgach, quvvatga kirgan, gormonal holati yaxshilangan va ona bo`lishga tayyorlangan organizmda ko`p homilali homila yuzaga kelishi mumkin;
- ayolning yoshi. O`ttiz yoshdan keyingi homiladorlikda egizak ko`rish ehtimoli yuqori sanalarkan. Sababi bu paytda tuxumdon birvarakayiga bir nechta tuxumhujayra ishlab chiqara boshlaydi;
- EKU. Sun`iy urug`lantirish amaliyotida ayolning istagiga ko`ra bir nechta urug`langan tuxumhujayradan foydalanish, shuningdek, farzand jinsini rejalashtirish mumkin.
Ushbu mavzudagi maqolani batafsil "Darakchi" gazetasining 48-sonida o`qishi ngiz mumkin.
N.Ilyosova tayyorladi.