1

Temur Kapadze: "Terma jamoadagi faoliyatimga yakun yasamoqchiman"

Sport 26.01.2015, 14:25
Temur Kapadze: "Terma jamoadagi faoliyatimga yakun yasamoqchiman"

Terma jamoamiz safida uzoq yillardan buyon barqaror o`yin namoyish etib kelayotgan tajribali yarim himoyachi Temur Kapadze bilan sports nashri intervyu uyushtirdi, deb yozadi uz24.uz nashri.

Osiyo kubogi-2015 musobaqasidan qanday taassurotlar qoldi?

- Taassurotlar ijobiy. Musobaqa har tomonlama yaxshi tashkillashtirilgan. U qadar katta muammolar kuzatilmadi. Faqat uchrashuvlar o`tkaziladigan shaharlar orasidagi masofa uzoq ekani biroz qiyinchilik tug`dirdi.

Terma jamoamizning mazkur musobaqadagi ishtiroki borasida nima deya olasiz?

- Menimcha, biz turnirda yomon ishtirok etganimiz yo`q. Bizga shunchaki omad etishmadi, deyishim mumkin. Ba`zan hakamlar ham o`zlarining qarorlari bilan o`yin sur`atiga ta`sir etgan hollari ham bo`ldi. Lekin turnirni o`ylaganimizdan erta tark etganimizda hakamlarni ayblash ham noo`rin.

Bosh jamoamiz qayd etgan natija qoniqarlimi?

- Yo`q. Biz finalga qadar etib borib, yurtimizdagi barcha futbol ihlosmandlarini xursand qilishni xohlagandik. Yakunda esa chorak finaldayoq musobaqa bilan xayrlashishga majbur bo`ldik. Demak, natijamizni qoniqarli deyish, noto`g`ri. Lekin shu o`rinda aytish kerakki, chorak finalda o`ynash ham yomon natija emas. Hamma ko`rdi, terma jamoaning barcha a`zolari qo`ldan kelgancha o`ynashga harakat qilishdi.

OK-2015 da terma jamoamiz safida maydonga tushgan yoshlar haqida qanday fikrdasiz?

- Yangi etishib chiqayotgan yoshlarda shijoat kuchli. Buni sezish qiyin emas. Kishini xursand qiladigan tomoni, ular o`zlariga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilishyapti va buni qaysidir ma`noda uddalashyapti ham. Ishonch bilan aytishim mumkin, agar hozirgi tarkibdagi o`yinchilar o`z ustilarida ishlashda davom etishsa ulardan yaxshi saviyadagi futbolchi chiqadi. Buning uchun ularga asosiy tarkibda ishonch bildiraverish kerak.

Demoqchisizki, yosh futbolchilarni qo`rqmay asosiy tarkibda maydonga tushiraverish mumkin.

- Ha. Biz ham qachonlardir yosh bo`lganmiz va bizga ham akalarimiz o`z joylarini bo`shatib berishgan. Bu ishni qilish navbati endi bizga ham keldi. Osiyo Kubogi davomida amin bo`ldimki, yoshlar bizning o`rnimizni bosa olishadi. Shu sababdan o`z o`rnimni yoshlarga bo`shatib, ularga yanada o`sish imkonini berishim lozimligi borasida o`ylab qoldim. Men terma jamoadagi faoliyatimga yakun yasamoqchiman.

Bundan chiqdi, endi bor e`tiboringizni klubingizga qaratar ekansiz-da?

- Ha, shunday. Men terma jamoadan ketyapman. Bu haqda yaqinda bo`ladigan terma jamoa yig`ilishida e`lon qilishni o`ylab turibman. Bundan keyin faqat klub uchun o`ynayman.

Yangi mavsumni “Lokomotiv” safida o`tkazasizmi?

- Kelayotgan mavsumda “temiryo`lchilar” safida o`ynayman. Klub bilan shartnoma imzolaganman. Yaqinda xorij yig`iniga jo`nab ketamiz. Mazkur yig`inda o`zimni ko`rsatib, murabbiylar shtabi ishonchini qozonishni maqsad qilganman. Yangi mavsumda “Loko”ga sovrinlar qo`lga kiritilishida nafim tegishini istayman.

Eslatib o`tamiz, Temur Kapadze 2002 yildan buyon O`zbekiston Milliy terma jamoasi o`yinchisidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1