1

“Avloniy” – endi katta ekranda!

Madaniyat 07.12.2019, 12:29
“Avloniy” – endi katta ekranda!

O`zbek kino olamida ilk marotaba o`zbek jadidlari haqida hikoya qiluvchi tarixiy kartina – “Avloniy” filmi suratga olindi. Csenariy mualliflari O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik va Muqaddas Usmonova. Film rejissyori Muzaffar Erkinov hamda yuzlab kadrorti kinoijodkorlarining mehnati mahsuli bo`lgan ushbu film millatimizning yorug` kunlari uchun kurashgan ma`rifatparvar Turon farzandining mashaqqatlari, millatparvarlik orzulari, tuyg`ularini o`zida akslantiradi. Kartina voqealariga Tohir Malikning “Qaldirg`och” asari motivi asos qilib olingan. Filmda Abdulla Avloniyning 1919 yilda Afg`onistonga qilgan diplomatik safari haqida hikoya qilinadi. 

Mamlakatda katta o`zgarishlar ro`y berayotgan davrda yashagan Avloniyning turlicha fikrlar, oqimlar, siyosiy tuzumlar o`rtasidagi kurashlarga nisbatan kechgan ichki tuyg`ulari, millatining kelajagi uchun qilgan harakatlari film asosini tashkil etadi.

Avloniy – keng qamrovli inson. U – shoir, dramaturg, murabbiy, ilk darsliklar muallifi, “Maktab”, “Nashriyot” shirkatlar muassisi, o`zbek teatri asoschilaridan biri, “Turon” teatr truppasi tuzuvchisi, Turkistonning Afg`onistondagi birinchi muxtor elchisi, diplomat. Filmda uning faoliyatidagi barcha sohalar qisman bo`lsa-da, tasvirlanadi. Shuningdek, avvaliga jadidchilar qatorida bo`lgan Avloniyning keyinchalik Sho`rolar hukumatiga xizmat qilish sabablari, Afg`onga qilingan safarbarobarida uning  o`sha hukumatga nisbatan paydo bo`lgan qarshi fikrlari, millati va yurti uchun chin yurakdan jon koyitishi film g`oyalaridan biridir.     

Kinokartinada Abdulla Avloniy obrazini Xorazm teatri aktyori Alisher Yo`ldoshev gavdalantirgan. Film postanovkachi operatori Ravshan Mirzakamolov, rassom Qahramon Matkarimov, liboslar ustasi Nigora Po`latova, grimchi-rassom Mahbubat Isanova, dikorator-rassom Sodiq Masharipov, montaj ustasi Dilshod Ibragimov.   Film musiqasini bastakor Abulqosim Muinzoda bastalagan. Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov, Abror Yo`ldoshev, Javohir Zokirov kabi san`atkorlarimiz filmning professional chiqishiga yordam berishdi. 

Filmni suratga olish ishlari aprel oyida boshlanib, avgust oyida nihoyasiga etdi. Syomka jarayonlari Xorazm, Qoraqalpog`iston Qo`qon hududlarida bo`lib o`tdi. Ijodiy guruh katta mas`uliyatni his qilib, keng qamrovda ishlashdi. Xususan, 20 dan ziyod dekorasiya: jumladan, 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poezd, bitta paraxod qurildi, 500dan ziyod kostyum tikildi. 

“Asosiy maqsadi Abdulla Avloniy obrazi timsolida o`sha davrda yashab, faoliyat yuritgan, millat va yurt uchun kurashgan ziyolilarning hayotini ko`rsatish va bu orqali bugungi kun yoshlarida millatga bo`lgan muhabbat, ajdodlarga nisbatan faxr va g`urur tuyg`ularini shakllantirishdan iborat” – deydi film rejissyori Muzaffar Erkinov. 

Mana shunday xalqparvar, yurtimizning yuksalishiga, taraqqiy etishiga va madaniyatimizda ulkan iz qoldirgan ajdodimizni tomoshabinga ko`rsatish, uning qalbida vatanga sadoqat, insonparvarlik tuyg`ularini singdirish va har bir ko`ruvchiga mana shunday ajdodlarga munosib bo`lish – filmning bosh g`oyasi. 

Bugun tinchlikda, bekamlikda yashayotgan siz-u bizga yillar dovoni ortida qolgan ajdodlarimiz bilan diydorlashish barobarida o`zimiz, o`zligimiz haqida o`ylashga imkon berguvchi “Avloniy” tarixiy filmi bugun - 7 dekabrdan yurtimiz kinoteatrlarida namoyish qilinmoqda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1