AsosiyJamiyat

MSK O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish to`g`risida bitimlarni imzolad

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish to`g`risida bitimlar imzoladi, deya xabar qiladi O`zA.
Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq o`tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim o`rin tutadi. Ommaviy axborot vositalari “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq saylov jarayonini keng yoritadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov o`tgan yillardagi saylov kampaniyalari, ayniqsa, 2014 yilgi parlament saylovi mobaynida Markaziy saylov komissiyasi va ommaviy axborot vositalari hamkorligida saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish bo`yicha katta tajriba to`planganini ta`kidladi.
Bitimlar saylov to`g`risidagi milliy qonun hujjatlari – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining tegishli moddalari, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”, “O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi qonunlar va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa me`yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o`rtasida tushuntirish ishlarini samarali tashkil etishga qaratilgan.
Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish borasida keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e`tibor beriladi. Saylovoldi dasturlarining mazmuni va mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalari bo`yicha o`z nuqtai nazarini saylovchilar va jamoatchilik e`tiboriga etkazish uchun teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratiladi.
Tomonlar saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayoniga oid axborotlarni O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tele va radiokanallari, mamlakatimizning etakchi axborot agentliklari va bosma ommaviy axborot vositalarida o`z vaqtida tarqatish borasida hamkorlik qiladi.

    Boshqa yangiliklar