1

“Voyaga etmagan bolalar, ayollarni turli tazyiqlardan asrash eng asosiy masalamiz”

Jamiyat 14.12.2019, 22:46
“Voyaga etmagan bolalar, ayollarni turli tazyiqlardan asrash eng asosiy masalamiz”

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O`zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik” qo`shma loyihasi doirasida mahalliy va xorijiy OAVlari ishtirokida Toyloq tuman sudida ham bo`ldik...

— Joriy yilda respublika bo`yicha nechta shaxs oqlangani, yarashgani, muddatidan avval ozod qilingani statistikasini ayta olasizmi?

Xolmo`min Yodgorov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o`rinbosari:

— Xizmat safari bilan juda ko`plab davlatlarning sudlarida bo`lganman. Sudning binosiga kirayotgan vaqtimizda telefon singari barcha buyumlarimizni tashqarida olib qolishgan. Bu ma`lumotni aytishimdan maqsad, O`zbekistonda sud jarayonini yoritish jurnalistlar uchun ham ochiq. Bugun jinoyat ishlari bo`yicha sud majlisida ishtirok etdingiz. Fuqarolik ishlari bo`yicha G`allaorol tumanlararo sudidagi uchrashuvimiz davomida suddagi ochiqlik masalasida gapirganimda ko`zingizda “hammasi quruq gap, amalda uning aksi-ku”, degan ma`noni o`qigandim. Shu bois buni amalda ko`rsatganimizdan hursandmiz. Bunga esa mahkum va mahkumalar qarshi bo`lishmadi, jurnalistlarning sud jarayonida qatnashishiga ruxsat berishdi.

Olib borilgan islohotlar natijasida bugun barcha sudlarimizda inson manfaati, qonuniy haq-huquqini himoya qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Joriy yilda respublika bo`yicha 780 nafar shaxs sud qaroriga asosan oqlandi. 6078 nafar shaxsga nisabatan jabrlanuvchi va sudlanuvchi yarashganligi uchun jinoyat ishlari tugatilgan. 24 097 nafar shaxs jazoni o`tashdan muddatidan avval ozod qilingan. 2824 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilinib, ularga ozodlikdan maxrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlangan. Aytmoqchi bo`lganim, sud xalqimizning qonuniy huquq va manfaatlarini idora qiluvchi idora. Sud va sudyalar esa xalqning xizmatkori.

— Odamlarda “Sudlar faqat jazolaydi”, deb tushuncha ham yo`q emas...

— Hammaga ma`lum egilgan boshni qilich kesmaydi. Jazolashdan maqsad — o`ch olish emas! Lekin o`ta og`ir jinoyat sodir etgan shaxsga jazo qo`llashga majburmiz. Boisi yana boshqa birovga zarar etkazmasligi, moli, joni, jinsiy daxlsizligiga qasd qilmasligi yoki giyohvand moddalarni tarqatmasligi tarafdorimiz. Aytaylik, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning ma`lum qismini o`taganidan keyin qilgan ishiga pushaymon bo`lib, qilmishining salbiy oqibatlarini anglab, jazoni o`tash joyida yaxshi xulqqa ega bo`lib, intizomni buzmasa nega uni ozod qilmasligimiz kerak? Sudlar faqat jazolaydi, deb tushunish kerak emas. Sudlar jazodan ozod qiladi, jazo muddatini kamaytiradi va jazosini engilrog`iga almashtiradi ham. Qolaversa, Prezidentimiz avf so`rab murojaat qilganlarni har yili avf qilyaptilar.

Qonunchiligimizda jazoning uchdan biri, yarmi, uchdan ikki qismini o`tagandan keyin ozod qilish masalasini ko`rib chiqish normasi bor. Masalan, bir shaxsga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qonunga ko`ra, 1 yil jazo o`taganidan keyin sud ko`rib chiqib, jazosi axloq tuzatish ishiga  o`zgartiriladi. 1 yil ozodlikdan mahrum qilish muassasasida o`tirganidan keyin ozodlikka chiqariladi, uyiga qaytadi. Sudlangan shaxs ishga joylashtiriladi. Boshqa jinoyat qilmasligi uchun bu jarayonni probasiya xizmati doimiy kuzatib boradi. Aniqrog`i, probasiya xizmati sudlangan shaxsni 1 oyda 3 marotaba uyiga borib tekshiradi, ya`ni sudlangan shaxsning huquqlari cheklangan bo`ladi. Ularni probasiya xizmati nazorat qilib turgani uchun esa ishlagan maoshining 20 foizi probasiya xizmatiga o`tadi. To`liq ozod qilinganida esa mazkur majburiyatdan ham ozod bo`ladi.

Ushbu jazoni 1 yil o`taganidan keyin yana 1 yil jazo muddati qoladi. Agar to`g`ri yo`lga kirsa, qolgan 1 yilidan shartli ozod qilishimiz mumkin. Bordiyu 1 yil davomida yana jinoyat qilsa, qolib ketgan 1 yil jazo muddati ham qo`shimcha ravishda qo`shib beriladi.      

— Sudlanuvchini ozod qilinish jarayoni qanday kechishi ko`pchilikka qiziq...

— Jazo o`talayotgan joydagi mutassaddilar — probatsiya xizmati qonun bo`yicha muddati kelganidan keyin taqdimnoma bilan sudga murojaat qiladi. Sud taqdimnomani qanoatlantirishi ham, rad qilishi ham mumkin. Ma`lumot uchun aytaman, 2 kun davomida Samarqand viloyati bo`yicha yuzlab jazoni o`tayotganlarni shartli ravishda ozod qilish masalasi ko`rib chiqildi.

Shuningdek, jazoni o`tash davomida sudlanuvchi sog`ligini yo`qotishi mumkin. Shunda maxsus komissiya tomonidan sog`ligini yo`qotgan sudlanuvchilarning ma`lumotlari sudga taqdim qilinadi va ularning ham holati ko`rib chiqiladi.

Shuni alohida ta`kidlashni istardim, qonunchiligimizda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma`muriy sudlarda yarashuv instituti ishlayapti. Juda ko`p davlatlarning qonunchiligida bu tizim yo`q. Shu ma`noda, jabrlanuvchi va sudlanuvchi kelishsa, jinoyati u qadar og`ir bo`lmasa, zararni qoplasa jinoyat ishini tugatyapmiz.  

— Muomalaga layoqatsiz shaxslar jinoyat sodir qilganida qanday yo`l tutiladi?

— Ma`lum imkoniyati cheklangan, aqli noraso shaxslarga nisbatan muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi masalani fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar ko`rib chiqadi. Agar muomalaga layoqatsiz shaxs jinoyat sodir etsa, tegishli ko`rikdan o`tkaziladi. Unga ko`ra, ko`rik xulosa berilgandan so`ng o`sha shaxsga majburiy davolanish qo`llaniladi. Hech kimga sir emas, imkoniyati cheklangan, shaxslar muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning haq—huquqi ham doimiy davlatning e`tiborida.

Voyaga etmagan bolalar, ayollar huquqini himoya qilish, ularni turli tazyiqlardan asrash esa — eng asosiy masalamiz.

— Sudga murojaat qilgan fuqaro haq—huqulari borasidagi o`ziga kerakli ma`lumotni olishda qiyinchilikka duch kelmayotganmikan?..

— Xabaringiz bor, milliy elektron axborot tizimimizni yaratdik. Undan sud qarorlari, huquqiy qonunlarimizning sharhlari kabi ma`lumotlar o`rin olgan. Sud hal qiluvchi organ, maslahat berishi kerak emas. Lekin fuqaro muammosini qanday hal qilish uchun murojaat qilishi kerakli, xususan ariza tayyorlash, qaysi organga murojaat qilish kabi masalalar to`g`risida tushuntirishlar beramiz, albatta. 

 

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida qisqa infografika shaklida kitoblar chop etti

Masalan, meros haqida yozilgan kitobni olaylik, uni o`qigan kishi bu boradagi haq—huquqlari haqida to`liq tushunchaga ega bo`ladi.

 

Yana bir misol, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar ekspertiza tayinlaydi. Odamlar tushunmaydigan boshqa soha bilan bog`liq masalada qanday ekspertiza tayilanadi va qay tarzda o`tkazilishi haqida ham batafsil ma`lumotga ega bo`lish mumkin.

Ko`chmas mul huquqini himoya qilish bo`yicha ham alohida kitob chop etilgan.

Shuni ham ta`kidlash joiz, huquqshunoslarning “tili”ga tushunish qiyin. Shu bois chop etilgan barcha kitoblarimiz savol-javob, infografika shaklida, muhimi sodda tilda yozilgan. Qolaversa, Oliy sudning saytida chop ettirgan barcha kitoblarimizning elektron shakli ham joylashtirilgan.    

— Ko`p hollarda shaxsning qadr—qimmati, sha`ni nuqtai nazaridan ommaga qiziq va jamoatchilik muhokamasiga tushgan ishlar sudda ko`rilayotganida uni OAVda yoritishga ruxsat berilmaydi. Lekin jurnalist ham o`z vazifasini bajarishi kerak—ku. Shu nuqtai nazardan qandaydir oltin o`rtalikda topishning imkoni bormi?  

— To`g`ir, jamiyatdagi yaxshi va yomon holatlar jurnalistlar tomonidan ommaga taqdim etilishi kerak. Lekin ta`kidlaganingizdek, shaxsning sha`ni va qadr—qimmatini ham unutmasligimiz lozim. Amaliyotda bo`lgan holatdan misol keltirmoqchiman: bir meros ishini ko`rdim. Meros talashayotganlarning bari 50—60 yoshdan oshgan aka—ukalar. O`zingizga ma`lum mazkur ishni OAVda ularning ism—sharifi bilan e`lon qilsam, sha`niga daxl qilgan bo`laman. Shu bois OAVda ularni shunchaki “aka—uka mulk talashyapti, sudda aka yutdi”, degan mazmunda yoritdim. Maqolada akaning “sudda yutdim, lekin ukamdan ayrilib qoldim. Endi o`rtadagi munosabat nima bo`ladi?” deya o`ylanganini ham bayon qildim. Saytda chiqqan mazkur maqolaga juda ko`pchilik munosabat bildirgan. Xususan, maqolaga bir qiz “bizning ota—onamiz ham xuddi shunday vaziyatda”, deya izoh qildiribdi. Hikoya tarzida yozilgan maqolani ota—onasiga o`qitsa, balki xulosa chiqarishar... Shu tarzda kimlargadir foydamiz tegishi ham mumkin.

Aytmoqchi bo`lganim, sud ishini sudlanuvchining sha`niga daxl qilmagan holda hikoya tarzida, ism—sharflar, shaxsiy ma`lumotlarni ko`rsatmay ham yozish mumkin. Sudyalar va jurnalistlarning ham maqsadi bir — ko`rilgan ishlarni OAVda yoritish orqali boshqalarni boshi berk ko`chaga kirib qolishining oldini olishdir.

Oliy sudning saytida ham barcha ma`lumotlar ochiq, ob`ektiv holatda yoritiladi. Birgina afsus qiladigan jihat bu — shaxsning qadr—qimmati, sha`ni masalasi borligi uchun barcha ma`lumotni ochiq tarzda yuritolmaymiz...

Samarqand viloyatining Toyloq tuman sudidagi uchrashuvimiz so`ngida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o`rinbosari Xolmo`min Yodgorov mahalliy va xorijiy jurnalistlarga esdalik sovg`asi ulashdi. Fursatdan foydalanib, e`tibor uchun tashakkur bildiramiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA, Samarqand viloyati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1