AsosiySalomatlik

Tomir tortishganda nima qilish kerak?

'Tomir tortishganda nima qilish kerak?'ning rasmi

Ba`zan shunchaki odatdagi ishlar bilan shug`ullanganda, cho`milganda yoki sovqotganda oyoq tomirlari tortishib qoladi. Umuman olganda bu jiddiy og`riqqa sabab bo`lmaydi, ammo harakatlanishga xalal beradi. Bu qanday kasallik? Kutilmaganda tomir tortishib qolsa nima qilish kerak? Ko`pchilikda kuzatiladigan mazkur noxushlik bilan bog`liq savollarga terapevt shifokor Yorqinoy Toshpo`latova quyidagicha javob berdi:

-Tibbiyotda mushaklar tonusining oshishi oyoq tortishishi deyiladi. Bu noxush holat beixtiyor yuz beradi va 10-15 soniya davom etadi. Ko`pincha boldir sohasidagi ikrasimon mushaklar tortishadi. Buning sababi boldir mushaklarining kundalik hayotda ko`p zo`riqishga uchrashi va markaziy qon-tomirlardan uzoqda joylashganligidir. Bu hamma kishilarda: keksalar, o`rta yoshlilar, yoshlar, hatto bolalarda ham kuzatilishi mumkin.

Xususan, mushak hujayralarida moddalar almashinuvi, suv va tuz muvozanatlarining buzilishi, tananing umumiy charchashi, mushaklarning toliqishi, haddan tashqari asabiylashish, sovqotish, vitamin etishmasligi va boshqalar shular jumlasidan. Ko`pincha bu noxushlik ko`p o`tirib yoki turib ishlaganda, zaxda uzoq turib qolganda, uzoq vaqt piyoda yurganda sodir bo`ladi.

Qaltis harakat yoki qon quyuqlashishi natijasida sodir bo`lgan bo`lsa, onda-sonda kuzatilsa, unchalik xavfli emas. Bu hol o`sha joyni biroz uqalasa yoki oyoqni qimirlatsa, tez o`tib ketadi va hech qanday tibbiy aralashuvni talab qilmaydi. Agar bu holat muntazam takrorlanaversa, mutaxassis shifokorga uchrashib, sababini aniqlash kerak.

Boshqa yangiliklar