1

Bir tanada 24 odam: yoxud shaxs ikkilanishi qanday kasallik?

Salomatlik 03.02.2015, 15:18
Bir tanada 24 odam: yoxud shaxs ikkilanishi qanday kasallik?

Ahamiyat berganmisiz, ba`zi odamlar yurgan yo`lida o`zi bilan o`zi gaplashadi. Shunisi qiziqki, "Kim bilan gaplashayapsan" desangiz, "shunchaki o`zim o`ylayotgandim" qabilida javob qaytaradi. Ba`zilar uchun bu shunchaki odat tusiga kirgan bo`lishi mumkin. Ammo ushbu holat ba`zi ruhiy xastaliklarda ham uchrab turadi. Tibbiy tilda aytganda esa bu"egizagi" bilan so`zlashish, shaxsini ikkilanish sindromi deyiladi. Bugun ushbu mavzu atrofida fikr yuritamiz.

BILLI MILLIGAN : GOH QIZALOQ, GOH RASSOM

Evropalik olimlarni hayratga solgan mazkur shaxs ruhiy xasta. Uning tanasida 24 nafar inson qiyofasi navbatma-navbat jonlanadi. Shulardan 10 tasi asosiylari. Odatda shaxs ikkilanishi kuzatilgan bemorlarda 2-3 "egizak" yuzaga kelgan bo`lsa, Billida ulardan naq 24 ta. Guvohlarning so`zlariga ko`ra, har birining o`z nutqi, mimikasi, harakatlari va so`zlashuv uslubi bor. Artur – ziyoli ingliz, Reydjen – yugoslaviyalik inqilobchi, Allen – rassom, ikkita o`spirin yigit, 3 yoshli qizaloq, 19 yoshli qiz, musiqachi, firibgar va boshqalar.

DORIS FIShER: 5 TA "DORIS"

Doris tanasini besh "shaxs" egallab olgan. Ular o`zlarini "Asl Doris", "Xasta Doris", "Uyqudagi Doris", "Margaret" hamda "Uyqudagi Margaret" ismlari bilan atashgan. "Uyqudagi Margaret" nayrang qilishga usta bo`lib, biror nimani o`marishi, so`ng qilgan ishini "Asl Doris"ga to`nkashi mumkin edi. O`zaro shaxslar olishuvi yillab davom etgan. Qizning davolovchi shifokori Doris ongi ostida hosil bo`lgan o`z shaxsining tasviri ta`siriga tushib qolgan, undan chiqib keta olsa, yaxlit shaxsga aylanadi, deya qizni davolaydi.

UChChOVINI NIMA BIRLAShTIRADI?

Ba`zi ma`lumotlarda Billi Milligan 8-9 yoshlarida o`gay otasi tomonidan qattiq kaltaklangani va tajovuz qurboniga aylangani aytiladi. Garchi o`sha vaqtlarda kaltak zarbidan bo`lak bezovtalik yuz bermagan bo`lmasa-da, yillar o`tgach bu holat ruhiy o`zgarishlarga olib kelgan. Miss Byuchemp va Doris Fisherlar hayotida ham biror jiddiy asos borligi shubhasiz. Zero bolalikdan soppa-sog` bo`lgan odam ma`lum yoshga etgach, o`z-o`zidan aqldan ozmaydi. Tashqi ta`sirlar tufayli bir vaqtlar ro`y bergan ruhiy zarba asorati yuzaga qalqib chiqadi. Demakki, xastalik sababini bemor hayotidan izlash lozim. Shaxs ikkilanishi sindromiga chalingan bemorlarni davolagan mutaxassislar «egizaklar»dagi alamzadalik aslida birinchi shaxs ongida saqlanib qolgan holat ekanligini aytishadi.

XO`Sh, XASTALIKNING DAVOSI BORMI?

Billi Milligan voqeasi ijobiy yakun topdi, u 1991 yil 10 yillik davolash ishlaridan so`ng sog`lom deb topiladi. Garchi shaxs ikkilanishlari vaqti-vaqti bilan uchrab tursa-da, uzoq davom etgan muolajalar natijasida Billi «egizaklar»ini nazorat qilishni o`rganadi. So`nggi yillarda u bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilotida faoliyat yuritib keladi. Doris Fisher ham davomli muolajalardan so`ng sog`ayishgan. U ham Billi singari hayotlarini yo`lga solishgan.

Mavzuni o`rganish barobarida ko`plab manbalarga murojaat etdik. O`z o`rnida mutaxassis ko`magi bilan shaxs ikkilanishi sindromi va uning davosi haqida fikr almashildi. Bu sizlar uchun ham qiziq bo`lishi aniq.

Mavzu yuzasidan oliy toifali psixonevrolog Muattar MIRXODIEVA ma`lumot beradi.

ShAXS IKKINALINIShI ASLIDA...

Tibbiyotda ushbu kasallik depersonalizasiya va derealizasiya sindromlari deyilib, ko`p hollarda ikkovi birgalikda uchraydi. Depersonalizasiyada bemor o`z shaxsini noto`g`ri qabul qilishi yuz beradi. Engil turida bemor o`zini jonsiz, haqiqiy xususiyatlardan maxrum etilgandek sezadi. Og`ir turida esa bemorda behislik tuyg`usi ya`ni ruhiy xastalikdagi anasteziya paydo bo`ladi. Go`yo uning his-tuyg`ulari, tasavvuri, xotira, nutq, harakatlari va qiliqlari begonadek tuyuladi. Uning nazdida ushbu jarayonlar kimdir yoki nimadir tomonidan sun`iy ravishda paydo qilinayotgandek tushuniladi. Bu ruhiy avtomatizmning buzilishi.

"EGIZAKLAR" SIMPTOMI

Bu bemor tanasining ikkilanib qolganiga iqrorligi bilan tasniflanadi. Masalan, N. ismli bemor «egizagi»ning doim yonida turishi, harakatlarini xuddi u singari takrorlashi, ichki kechinmalarini his etishini aytadi. Boshqa A. ismli bemor esa «egizagi»ning notanish odamdek tuyulayotgani, uni vahimaga solayotgani, ta`qib qilayotganini ta`kidlaydi. Ko`rib turganingizdek, shaxs ikkilanishida «egizaklar» turlicha ta`sir etishi mumkin.

TASAVVURDAGI "YoMON" DEKORASIYaLAR

Shaxs ikkilanishining yana bir sindromi derealizasiya – borliqni o`zgargan ya`ni «yangi» holda qabul qilish bilan ifodalanadi. Bunda «yangi» so`zi bemor ongida atrof-muhitni noto`g`ri qabul qilish, go`yo barchasi qotib qolgandek, rangsiz, jonsiz, sun`iy dekorasiyalardan tashkil topgandek tushuniladi. Yuqorida aytganimizday ikki sindrom birgalikda uchrashi bilan es-hush buzilishiga olib keladi.

QAChON PAYDO BO`LIShINI BILMAYSIZ

Shaxs ikkilanishi sindromlari asosan shizofreniya, manikal depressiv psixoz, epilepsiya va psixopatiya kasalliklarida uchraydi. Afsuski, mazkur xastaliklar qachon va qay tariqa yuzaga kelishini oldindan aytib bo`lmaydi. Hatto sog`lom, hech qanday bezovtaligi bo`lmagan odam ham tashqi ta`sirlar sabab kutilmaganda ruhiy xastalikka chalinishi hech gap emas. To`g`ri, ayrim hollarda ruhiy xastaliklar erta aniqlanishi mumkin. Ammo hamisha ham bunday bo`lavermaydi. Ruhiyatda o`zgarish bo`lsa ham belgilari darhol bilinmaydi. Kimdadir xotira sustlashadi, kimdir nutq, harakatlar yoki hissiyotlaridan shikoyat qiladi.

DAVOLASh MUMKIN!

Shaxs ikkilanishi murakkab holat bo`lsa-da, davolash mumkin. Buning uchun shu holatga sabab bo`lgan asosiy xastalik aniqlanib, kelib chiqish sabablari o`rganiladi. Asosi nima, bolalikdagi xotiralar, qattiq qo`rquv, biror voqeadan ta`sirlanish yoki tajovuzlarmi?! Asosiysi bemor psixoz holatidan chiqib olsa bas, sekin-asta kundalik hayotga qaytadi. Masalan, shizofreniyada yuzaga kelgan shaxs ikkinalishi davolansa-da, qachondir kasallik qaytalanishi ehtimoldan xoli emas. Chunki bu kasallikni shifokorlar ruhiyat ezilishi deyishadi. Epilepsiyada esa shaxs ikkilanishini davolash bilan birga tutqanoq xurujlariga ham diqqat qilinadi. Maniakal psixoz, psixopatiyada ham shaxs ikkilanishi davolash mumkin. Bemor 5 yil davomida muolaja qilinib, shifokor nazoratida bo`ladi. Ruhiy salomatligini ushlab turuvchi terapiya yordamida davolanib boradi. Agar shu vaqt ichida kasallik xuruji kuzatilmasa, shifokor nazoratidan chiqarilishi mumkin. Bu bemor sog`ayganidan dalolatdir. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1