AsosiyMADANIYAT

“KINOChILAR UYI” TOShKENTGA QAYTMOQDA

Bir paytlar kino ijodkorlarning madaniy markazi hisoblangan “Kinochilar uyi” (“Dom kino”)...

'“KINOChILAR UYI” TOShKENTGA QAYTMOQDA'ning rasmi

Bir paytlar kino ijodkorlarning madaniy markazi hisoblangan “Kinochilar uyi” (“Dom kino”) Toshkent shahrida qayta tiklanadigan bo`ldi. 

Bu haqda “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bugun poytaxtimizdagi “Media Hall NAESMI” markazida o`tkazilgan “Milliy kinematografiya: rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalar” Respublika kinoforumida ma`lum qildi. 

Tizimda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2020 yilda hal qilinishi kutilayotgan dolzarb masalalarga bag`ishlangan forumda tegishli idora va tashkilotlari rahbarlari, taniqli kino arboblari, soha mutaxassislari, san`atshunoslar, OAV vakillari ishtirok etdi. 

“Bugun kinoijodkorlarni quvontiradigan bir xushxabar aytmoqchiman, - dedi F.Abduxoliqov. – Biz bir paytlar kino ustalarimizning sevimli maskani bo`lgan, xalq orasida “Dom kino” nomi bilan tanilgan maskanni o`z egalariga qaytarmoqchimiz”.

            “O`zbekkino” rahbarining ta`kidlashicha, “Kinochilar uyi” bugungi “O`zbekkino” Milliy agentligi joylashgan bino yaqinidagi restoran negizida barpo etiladi. Ayni paytga restoran rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgan. Bino sotib olingach, u “O`zbekkino” Milliy agentligi tasarrufiga o`tkaziladi va qayta rekonstruksiya qilinadi. 

            Eslatib o`tamiz, oldingi “Kinochilar uyi” binosi 1982 yilda, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari VII Toshkent kinofestivali arafasida bunyod etilgan. O`ttiz besh yil davomida ushbu maskanda bir qator yirik anjumanlar, yuzlab filmlarning taqdimoti o`tkazilgan. 2017 yilning oxirlarida bu hududda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi munosabati bilan “Kinochilar uyi” binosi buzilgan edi. 

 

    Boshqa yangiliklar