1

Jabrlanuvchilarning xonadonlarida sayyor sud majlislari ko`rildi

Jamiyat 06.01.2020, 11:24
Jabrlanuvchilarning xonadonlarida sayyor sud majlislari ko`rildi

2020 yilda sudlar oldida xalqimizning sudlarga bo`lgan ishonchini oshirish va sudlarning chinakam mustaqilligini ta`minlashdek o`ta muhim vazifa turibdi. Buning uchun sudyalar xalq bilan hamnafas holda ish olib borishi, ularning sud bilan bog`liq muammolarini uyma-uy yurib hal qilishi muhim ahamiyatga ega...

Hammamizga ma`lumki, jinoyat qonunchiligimizda insonparvarlik prinsipiga to`la mos keladigan yarashtiruv instituti mavjud. 

Yo`l-transport hodisasi natijasida shaxsga og`ir yoki o`rtacha og`ir shikast etkazilgan holatlarda bu toifadagi jinoyat ishlari bo`yicha taraflarni yarashtirish jabrlanuvchining buzilgan huquqlarini tiklashda va ish bo`yicha ayblanuvchilarni jinoiy javobgarlikka tortmasdan turib, ularni axloqan tuzatishda juda ham samarali hisoblanadi. 

Buning uchun og`ir yoki o`rtacha og`ir shikastlangan jabrlanuvchini sudga chaqirtirish ularni ovora-sarson bo`lishlariga, yarashtiruv jarayoniga nisbatan ularda turli e`tirozlar kelib chiqishiga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun, jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi bu toifadagi ishlarni ko`rishda bevosita sayyor sud majlislarini jabrlanuvchilarning xonadonlariga borib o`tkazishga, ular bilan samimiy suhbatlashib, tegishli qarorlar qabul qilishga alohida e`tibor qaratmoqda.

Jumladan, 2020 yilning birinchi ish kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi ish yurituvidagi yo`l-transport hodisasi bilan bog`liq 3 ta jinoyat ishlarini jabrlanuvchilarning xonadonlarida sayyor sud majlislarida ko`rib chiqdi. Natijada, jabrlanuvchilar ish bo`yicha ayblanuvchilar bilan o`z ixtiyorlari bilan yarashib olishdi va sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonidan mamnunliklarini yashirishmadi.

 

“TERGOV ORGANIGA BORIB-KELIShDAN OChIG`I ChARChAGANDIM...”

Ibragim Shukurov, jabrlanuvchi:

— Ko`p yillar o`qituvchi bo`lib ishlaganman. Yoshlarga ta`lim-tarbiya berish borasida qilgan kamtarona mehnatimni davlatimiz yuksak qadrlab “Shuhrat” medaliga sazovor bo`ldim. Yo`l-transport hodisasini sodir qilib, mening o`rtacha og`ir shikast olishimga sababchi bo`lgan ayblanuvchi bilan yarashtirish uchun tergov organi meni bir necha marta chaqirtirgan edi. Yoshim 70 dan oshganligi uchun tergov organiga borib-kelishdan ochig`i charchagandim. Menga jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudidan qo`ng`iroq qilib, “xondoningizga sudya boradi. O`sha erda yarashtirish bo`yicha ish ko`riladi”, deb xabar berishganida ochig`i juda ajablandim. Lekin, sudya xonadonimga kelib, men bilan samimiy suhbatlashib, yarashtirish bo`yicha qonun talablarini to`liq tushuntirganida juda ham ko`nglim ko`tarildi. Ochig`i, bu kutilmagan holat bo`ldi. Hatto, shu kunga qadar bilmagan qonundagi huquqimni sudyadan bilib oldim. Ya`ni, “Shuhrat” medaliga sazovor bo`lganlarga soliq qonunchiligi bo`yicha ayrim soliq turlaridan imtiyozlar berilar ekan. Prezidentimizga rahmat. Bu – ular boshchiligida olib borilayotgan sud sohasidagi islohotlar samarasi. 

Sadoqat Allaberganova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1