1

Sanjar Tursunov: «Bizda hozir Shaskix kabi hujumchilar yo`q»

Sport 09.02.2015, 08:44
Sanjar Tursunov: «Bizda hozir Shaskix kabi hujumchilar yo`q»

O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Sanjar Tursunov ayni vaqtda «Vorskla» bilan Turkiyada yig`in o`tamoqda. Yarim himoyachi ukrainalik jurnalistlarga Osiyo Kubogi bo`yicha intervyu berdi, deb xabar beradi «Stadion.uz».

Savol: Sanjar, o`zbek muxlislari terma jamoadan yaxshiroq natija kutgan bo`lsa kerak?

Javob: Albatta. O`zimiz ham kamida to`rt yil oldingi natijani yaxshilashni va medallar bilan qaytishni rejalashtirgandik. Ammo omadimiz kelmadi. Chorak finalda yomon o`ynamadik, ammo qo`shimcha bo`limda koreyaliklarga imkoniyatni boy berdik.

Savol: Ukrainada O`zbekiston terma jamoasini Maksim Shaskix orqali yaxshi biladilar. Jamoangizga to`purar hujumchi etishmadimi?

Javob: Bu hujumchining tajribasi bizga qo`l kelgan bo`lardi, albatta. Bizda hozircha Maks kabi to`purar hujumchi yo`q. Ammo yosh va iqtidorli futbolchilar bor va ular kelajakda albatta o`zlarini ko`rsatadi.

Savol: Bizning eski tanishimiz — ‘Dnepr`ning sobiq futbolchisi Vitaliy Denisovning ishlari qanday?

Javob: Ajoyib. Vitalik – terma jamoamiz etakchilaridan biri va Avstraliyada kuchli o`yin namoyish qildi. U bilan bolalikdan tanishmiz. Etti yoshdan birga o`ynaganmiz. Yaqinda eski videolavha topib oldik, unda bolalikdagi murabbiyimiz ‘Dinamo`ga qarshi o`yin oldidan bizga ko`rsatma berayotgani yozib olingan ekan. O`shanda biz 11 yoshli bola edik va Ukrainadagi musobaqada g`olib chiqqanmiz. G`alabadan so`ng ‘Dinamo` bizning tarkibdan 7 nafar bolani tanlab olib, o`z maktabiga taklif qilgandi. Ammo ota-onamiz uydan uzoqqa qo`yib yubormagan.

Savol: Terma jamoangizda legionerlar ko`pmi?

Javob: Etarlicha. To`rt yil oldin kam edi, ammo Qatardagi musobaqada muvaffaqiyatli o`ynagach, yigitlar xorijga taklif ola boshladi.

Savol: Avstraliyadagi musobaqa tashkilotchiligi yoqdimi?

Javob: Ha, hammasi yuqori saviyada edi. Stadionlar yaxshi ekan. Ammo shunga qaramasdan Avstraliyada futbol birinchi o`rinda turmasligi sezilib turdi. Ularda ko`proq regbi, kriket va tennisni qadrlashadi. Ayni o`sha vaqtda Avstraliyada Osiyo Kubogi bilan birgalikda tennis bo`yicha Avstraliya ochiq chempionati ham o`tkazilayotgan edi.

Savol: Avstraliya terma jamoasining g`alabasi hayron qoldirdimi?

Javob: Umuman olganda, ko`pchilik Yaponiya g`olib chiqishini kutayotgan edi. Ammo ular sensasion tarzda chorak finalda BAAga mag`lub bo`ldi. Avstraliya terma jamoasi ham ancha kuchli, ular to`rt yil oldin finalda o`ynagan edi.

Savol: Finalda Koreyaga muxlislik qildingizmi?

Javob: Yo`q, men finalni tomosha qilmadim. O`sha vaqtda «Vorskla» yig`ini uchun Turkiyaga yo`l olayotgandim. Keyin qisqa lavhalar tomosha qildim va o`ylanib qoldim. Janubiy Koreya bizga qarshi kechgan o`yinda qay darajada omadli bo`lsa, finalda o`sha omad ulardan yuz o`giribdi. Ular ham qo`shimcha bo`limlarda mag`lub bo`ldi.

Savol: Final o`yinini hamyurtingiz Ravshan Ermatov boshqarmagani hayron qoldirdimi?

Javob: Ha, bu hammani hayron qoldirdi, chunki u Osiyoning eng yaxshi hakami bo`lib turibdi. Ammo u Osiyo Kubogi ochilish o`yinini boshqargan edi. Umuman olganda, Avstraliyada hakamlik u qadar yuqori saviyada bo`lmadi. Men o`zimizni oqlamoqchi emasman, ammo hakamlik borasida savollar juda ko`p bo`ldi.

Savol: O`yinlar va mashg`ulotlardan bo`sh vaqtlaringizda Avstraliya tabiati bilan tanishdingizmi?

Javob: Bizda vaqt ko`p bo`lmadi, chunki har bir o`yinni turli shaharlarda o`tkazganimiz tufayli mudom u yoqdan bu yoqqa uchishga to`g`ri keldi. Ammo ba`zi narsalarni ko`rishga ulgurdik.

Savol: Kenguru tomosha qildingizmi?

Javob: Albatta. Hayvonot bog`iga bordik. Ammo o`zimiz kutganimizdek ikki metrli kengurularni ko`ra olmadik, u erda faqat kichik kengurular bor ekan (kuladi). Yana Sidneydagi mashhur opera teatriga ham bordik. Avstraliya — chiroyli mamlakat.

Savol: Endi O`zbekiston terma jamoasining rejalari qanday?

Javob: Jahon chempionatiga borish vaqti keldi, deb o`ylaymiz. Oxirgi saralashda bizga birozgina etmay qolgan edi. Umid qilamanki, kelgusi safar imkoniyatni qo`ldan chiqarmaymiz.

Savol: Ta`bir joiz bo`lsa, kemadan tushganingiz zahoti yana bayramga tutildingiz. Qishda biroz bo`lsa ham dam oldingizmi?

Javob: Yo`q (kuladi). Ukrainada birinchi davra yakuniga etgani hamon terma jamoa yig`iniga jo`nab ketdim. Dam olishga mutlaqo fursat bo`lmadi. Ammo shunga qaramasdan bosh murabbiy Vasiliy Sachkoga rahmat aytmoqchiman. U menga bu erda, Turkiyada biroz nafas rostlashga imkon berdi. Hozir jamoa bilan birga bo`lsam-da, mashg`ulot o`tamayapman, dam olib, kuch to`plamoqdaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1