1

Endilikda “O`zbekneftgaz” va “O`ztransgaz” kabi tashkilotlar tushumlari yangi Inspeksiya tomonidan yig`iladi

Siyosat 08.01.2020, 19:33
Endilikda “O`zbekneftgaz” va “O`ztransgaz” kabi tashkilotlar tushumlari yangi Inspeksiya tomonidan yig`iladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 8 yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste`moli uchun qarzdorlikni qisqartirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. 

Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa joylarda debitor qarzdorlik ko`paygani, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlanayotgani ko`rsatib o`tildi. Bu energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy ta`sir etishi bilan birga hududlardagi tadbirkorlarning elektr va tabiiy gaz ta`minotida uzilishlarga sabab bo`lmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday holatlarga chek qo`yib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlikni qisqartirish, aholi va tadbirkorlarni ushbu manbalar bilan uzluksiz ta`minlash zarurligini ta`kidladi. 

Ma`lumki, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O`zbekneftgaz”, “O`ztransgaz”, “O`zqurilishmateriallari”, “O`zkimyosanoat” kabi yirik korxona va tashkilotlar byudjet ko`rsatkichlariga sezilarli ta`sir ko`rsatadi. Endilikda ulardan tushumlar yaqinda tuzilgan Yirik soliq to`lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan mustaqil yig`iladi. 

Bosh vazir o`rinbosarlari va maslahatchilariga o`z komplekslari tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarish ko`rsatkichlarini har oyda muhokama qilib borish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Byudjetga tushumlarni oshirishda yana bir muhim yo`nalish – davlat aktivlari. O`tgan yili davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan byudjetga jami 1,6 trillion so`m dividend to`langan, xolos.

Shu bois mutasaddilarga davlat mulki ob`ektlarini, jumladan, yog`-moy va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish, yirik soliq to`lovchi sub`ektlar bo`yicha dividend to`lash miqdori va davriyligini belgilash vazifasi yuklatildi.

Yig`ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun viloyat hokimlarining iqtisodiy masalalar bo`yicha birinchi o`rinbosarlari moliya, soliq, bojxona, bank va iqtisodiy kompleks tarkibidagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish va byudjet daromadlarini oshirish bo`yicha doimiy ishlashi zarurligi qayd etildi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1