AsosiySport

Jo`rabek Qobilov: “Jangovar sambo bo`yicha Janubiy Koreyada erishgan g`alabam - eng qadrli yutug`im”

'Jo`rabek Qobilov: “Jangovar sambo bo`yicha Janubiy Koreyada erishgan g`alabam - eng qadrli yutug`im”'ning rasmi

Dunyo miqyosida yil sayin tobora ommaviylashib borayotgan Sharq yakka kurashlaridan biri jiu-jitsu sport turi yurtimizga kirib kelganiga ko`p bo`lgani yo`q. O`zbekistonda jiu-jitsu federasiyasi o`z faoliyatini 2017 yilda Mudofaa vazirligi sport klubida boshlagan. Shunday bo`lsa-da, bu sport turida mohir o`zbekistonlik jahon chempionlari ham yo`q emas. Tengdoshimiz Jo`rabek Qobilovning jiu-jitsu sport turi bo`yicha yutuqlari talaygina. Asli shahrisabzlik Jo`rabek sportning birgina turida emas, bir necha turi bo`yicha xalqaro turnirlarda, jahon chempionatlarida qatnashib, munosib o`rinlarni egallab kelmoqda.

Jo`rabek ilk bor 2003yil 8 may kuni kurash bo`yicha o`tgan tuman birinchiligida o`zidan 5 yosh katta o`smirlar bilan bellashib 2-o`rinni qo`lga kiritadi. Aynan shu qadam bo`lajak chempionda sportga mehr uyg`otdi. Yillar davomida o`z ustida ishlab, katta marralar sari intilishiga kuch bag`ishladi. Sportdagi yutuqlari davomli bo`ldi. 2017yil 5-8aprel kunlari “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” hamda Amir Temur xotirasiga bag`ishlab “Kombat Aykido” bo`yicha O`zbekiston ochiq chempionatida 1-o`rinni, 14 -16 apreldagi . Jangovar sambo bo`yicha O`zbekiston chempionatida 3-o`rinni, 22 – 23aprelda UShU bo`yicha O`zbekiston chempionatida 3-o`rinni egalladi. Shu yil Qo`l jangi bo`yicha O`zbekiston kubogi professionallar o`rtasida 3-o`ringa, Universal jang bo`yicha O`zbekiston chempionatida 1-o`ringa sazovor bo`ldi. Qolaversa, Jangovar sambo bo`yicha Sochi (Rossiya Federasiyasi) shahrida bo`lib o`tgan jahon chempionati ishtirok etdi.

2018yil Universal jang bo`yicha respublika ochiq chempionatida – 2-o`rinni, Sambo bo`yicha erkaklar va ayollar o`rtasida hamda jangovar sambo bo`yicha O`zbekiston chempionatida 3-o`rinni, jiu-jitsu bo`yicha Toshkent shahar ochiq turnirida 1-o`rinni, Universal jang bo`yicha O`zbekiston ochiq chempionatida professionallar o`rtasida 2-o`rinni, Farg`ona shahrida qo`l jangi bo`yicha 3-o`rinni, jiu-jitsu bo`yicha Respublika birinchiligida 85 kg vazn toifasida 1-o`rinni qo`lga kiritib, Osiyo o`yinlariga yo`l oldi.

-2013 - 2014 yillarda vatan oldidagi yigitlik burchimni ado etish uchun muddatli harbiy xizmatda bo`lganman. U erda namunali xizmatim hamda harbiy musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirokim o`z mevasini berdi. Azaliy orzuyim amalga oshdi, - deydi Jo`rabek Qobilov. -O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Janubiy g`arbiy maxsus harbiy okrugi sport klubining sportchisi lavozimiga ishga qabul qilindim. 2016yildan buyon jangovar Sambo sport turi bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosiman.

2019 yil sportchimiz uchun juda sermahsul va omadli kechdi. U asta-sekin jahon arenalarida g`laba qozona boshladi. Bu g`alabalarning boshlanishi Janubiy Koreyaning Chongju shahrida Butunjahon jang san`atlari festivali doirasida jangovor sambo bo`yicha o`tkazilgan jahon kubogida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilganidir. Mazkur musobaqada Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug sport vzvodi sportchisi Jo`rabek o`z vazn toifasida faxrli 3-o`rinni qo`lga kiritib, yurtimiz bayrog`ini baland ko`tardi.

-Janglarim ichida men uchun eng og`ir kechgani jangovar Sambo sport turi bo`yicha janubiy Koreyada o`tgan butun Jahon xalqaro jang san`atlari o`yinlarida 3 - raqibim bilan bellashganim bo`lgan,- deydi yosh chempion.- O`shanda 2 - raqibim marokashlik sportchi bosh bilan zarba berib, burnimni sindirgan. (Bosh bilan faqatgina bizning jangovar Sambo sport turida zarba berish mumkin.) 3-raqibim bilan esa burnim singaniga qaramasdan kurashishga, ona yurtimga faqat yorug` yuz va g`alaba bilan qaytishga kirishdim. Shu payt shifokorlar jangni to`xtatib, meni shifoxonaga olib ketmoqchi bo`lishgan. Ammo oldimga qo`ygan maqsadim meni g`alaba uchun kurashishga undadi. Koreyalik raqibim bilan jangni davom ettirdim. Katta mashaqqat bilan maqsadimga erishdim ham. 80 dan ortiq mamlakat sportchilari jam bo`lgan ushbu jangda faxrli 3-o`rinni egalladim. Har bir sportchining xalqaro sport arenasida erishgan ilk katta yutug`i o`zi uchun hamisha qadrli bo`ladi. Men uchun ushbu g`alabam juda qadrli.

Kurashchimiz Ukraina poytaxti Kiev shahrida o`tlazilgan COMBAT JIUJITSU bo`yicha IX Jahon chempionatida O`zbekiston jiu-jitsu terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, faxrli 3-o`rinni egalladi.2019yilni ham zafar quchib yakunladi. Qozog`iston Respublikasining Almata shahrida bo`lib o`tgan 16 ta davlat pahlavonlari ishtirokidagi sportning jangovar jiu-jitsu turi bo`yicha xalqaro turnirda yurtimiz terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritdi. Quvonarlisi shundaki, davlatimiz bayrog`ini baland ko`tarayotgan harbiy xizmatchilar ichida Jo`rabek Qobilov oltin medal sohibi bo`ldi.

-Sportchining muvaffaqiyat formulasi aql, mustahkam iroda va tezkorlikning birdamligidir. Kurashda aql tetik bo`lmasa, irodasizlik va bo`shashishga yo`l qo`yilsa, soniyalar hayotingizni hal etib qo`yishi hech gap emas. Sportchi o`z ustida muntazam shug`ullanishi, ham kuchini, ham aqlini charxlab borishi kerak. Hech kim bir kunda chempion bo`lib qolmaydi. Yillar davomidagi mashaqqat, sabr va matonat kuchi sizni chempion qiladi, - deydi shahrisabzlik sportchi.

Jo`rabek Qobilovning chinakam do`sti uning ota-onasi. Insonni yutug`idan quvonib, mag`lubiyatida esa suyaguvchi, yana harakatga undovchilar ham ota-ona. Tengdoshimizga otasining “Pahlavonim kurashaver, tinmasdan kurashaver, hali hamma havas qiladigan “kaaatta” odam bo`lasan, jahon chempioni bo`lasan”, deb ruhlantirishlari uning jur`atini oshirdi. Har jangda dadil turdi. Bugun 27 yoshli sportchi otasi aytganidek jahon chempioni bo`ldi. U insonlardagi kamtarlik xislatini juda qadrlaydi va o`zi ham kamtar bo`lishga intiladi. “Chempion bo`lsam ham, bo`lmasam ham men o`sha-o`sha oddiy Jo`rabekman” deydi.

Endi Shahrisabzda Jo`rabekni tanimagan, unga havas qilmagan odam yo`q. Tengdoshlari undan muvaffaqiyatlari sirlari bilan bo`lishishini so`raydi, ko`pincha. “Bu muvaffaqiyatlar yutuqlarimning boshlanishi, hali oldimga qo`ygan maqsadlarim katta. O`zim kabi sportga qiziqqan yoshlarga ustozlik qilib, o`zbekistonlik jahon chempionlari safini kengaytirishda o`z hissamni qo`shishim kerak"deb javob qaytaradi.

Jo`rabek Qobilovga kelgusida omad va zafarlar hamrohligini va o`zi xohlagandek, minglab bo`lajak chempionlarning faxriy ustozi bo`lishini tilab qolamiz…

Shahnoza Nurullaeva suhbatlashdi

 

    Boshqa yangiliklar