Tailandda 23 yoshgacha bo`lgan futbolchilar o`rtasida o`tayotgan Osiyo chempionati ilk o`yinini olimpiya terma jamoamiz eronlik tengdoshlariga qarshi o`tkazdi.
Yaponiyaning Tokio shahrida bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya o`yinlariga yo`llanma beruvchi mazkur musobaqada O`zbekiston olimpiya terma jamoasi “S” guruhida Eron, Janubiy Koreya va Xitoy terma jamoalari bilan raqobatlashmoqda.
Songxla shahrida joylashgan “Tinsulanon” stadionida o`tkazilgan mazkur o`yinda futbolchilarimiz 1:1 hisobida durang o`ynadi. Uchrashuvda futbolchimiz Islomjon Qobilov 40-daqiqada 11 metrlik jarima to`pidan unumli foydalanib hisobni ochgan bo`lsa, 58-daqiqada eronlik Rizo Dehqoni hisobni tenglashtirdi.
Shu tariqa, ilk uchrashuvda 1 ochkoga ega bo`lgan Lyubinko Drulovich shogirdlari guruh bosqichidagi ikkinchi o`yinini 12 yanvar kuni, Xitoy olimpiya termasiga qarshi o`tkazadi.