Mamlakatimiz sportchilari 2016 yilgi yozgi Olimpiya o`yinlariga puxta hozirlik ko`rmoqda. Prezidentimizning 2013 yil 25 fevraldagi “O`zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo`lib o`tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o`yinlariga tayyorlash to`g`risida”gi qaroriga muvofiq bu boradagi ishlar tizimli asosda olib borilmoqda.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek QOSIMOV mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida O`zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida xalqimiz turmush darajasi, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro`-e`tibori tobora yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, to`kinlik va farovonlik jismoniy tarbiya va sport rivojida ham muhim omil bo`lmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan mustaqilligimizning ilk yillaridanoq millat genofondini sog`lomlashtirish, barkamol avlodni voyaga etkazishning asosiy vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Ana shu e`tibor og`ushida ulg`aygan bolalar har tomonlama sog`lom, mustahkam irodali bo`lib voyaga etdi. Professional sportchilarimiz safi kengaydi. Bugun O`zbekiston sport mamlakati, yosh avlodga g`amxo`r davlat, degan e`tiroflarga sazovor bo`lmoqda.
O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida”gi qonunining hayotga tatbiq etilishi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy va muhim bo`lagi bo`lgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalarining tashkil etilishi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasining tuzilishi soha rivojini yangi bosqichga ko`tardi.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi mustaqilligimiz e`lon qilinganidan atigi bir necha oy o`tib – 1992 yil 21 yanvarda tashkil etilgan. 1993 yil sentyabr oyida Xalqaro olimpiya qo`mitasiga a`zo bo`lgan. Shundan buyon mamlakatimiz sportchilari yozgi va qishki Olimpiya o`yinlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Mamlakatimizda olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan qator ishlar xalqaro sport tashkilotlari tomonidan yuksak e`tirofga sazovor bo`lmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xalqaro olimpiya qo`mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, Milliy olimpiya qo`mitalari assosiasiyasining oliy nishonlari bilan taqdirlanishi fikrimiz dalilidir.
Qo`mitamiz jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, jamiyatda sog`lom turmush tarzini qaror toptirish bo`yicha faol ish olib bormoqda. Sportchi va murabbiylar malakasini oshirish maqsadida xalqaro seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mintaqaviy forumlar tashkil etilmoqda. Sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muntazam qatnashishi ta`minlanmoqda.
1996 yilgi Atlanta Olimpiadasidan 2012 yilgi London Olimpiadasigacha, 1994 yili Lillixammerdagi qishki Olimpiadadan 2014 yili Sochida o`tgan qishki Olimpiya o`yinlarigacha bo`lgan nufuzli musobaqalarda yurtimiz sportchilari 6 oltin, 5 kumush va 10 bronza medalga sazovor bo`ldi. Osiyo o`yinlari, o`smirlar o`rtasidagi Olimpiya o`yinlari, jahon va qit`a chempionatlari, jahon universiadalarida qo`lga kiritilayotgan yutuqlar salmog`i ham tobora ortib bormoqda.
Bunday g`alabalar o`z o`zidan bo`lmaydi, albatta. Bular aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanishi uchun keng imkoniyat yaratish, professional sportchilarni tarbiyalash va ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar samarasidir.
Prezidentimizning 2013 yil 25 fevraldagi “O`zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo`lib o`tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o`yinlariga tayyorlash to`g`risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo`lmoqda. Qaror ijrosini ta`minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, tegishli vazirlik va idoralar, sport federasiyalari tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish uchun qator tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Yangi boshqarma va bo`limlar tashkil etildi. Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda qo`mitaning hududiy vakillari faoliyati yo`lga qo`yildi. Joylarda sport tadbirlarini keng miqyosda o`tkazish, iqtidorli yoshlarni kashf etish ularning muhim vazifasi etib belgilandi.
Olimpiya o`yinlariga yo`llanmalarni qo`lga kiritish va ushbu musobaqalarda sovrinli o`rinlarni egallash imkoniyati yuqori bo`lgan istiqbolli sport turlari aniqlanib, ular bo`yicha federasiyalarning faoliyati atroflicha o`rganib chiqildi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda ayrim federasiyalar birlashtirildi. Olimpiya o`yinlari dasturidan o`rin olgan sport turlari bo`yicha federasiya va assosiasiyalarga homiylar biriktirildi.
Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida 2013 yil 2 aprelda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi huzuridagi O`zbekiston olimpiadachilarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Jamg`arma mablag`lari respublika sport federasiyalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga yo`naltirilmoqda.
Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo`yicha O`zbekiston sportchi va murabbiylariga stipendiya to`lash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlanib, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchi va ularning ustozlari har oyda rag`batlantirib borilmoqda. Sportimiz faxriylari, yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan terma jamoalarning maslahatchi murabbiylarining oylik maoshlari ham ushbu jamg`arma mablag`lari hisobidan qoplanmoqda.
Poytaxtimizda qad rostlayotgan O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasining yangi binosida so`nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bu erda O`zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta`minlash bo`yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etiladi. Olimpiya sport turlari bo`yicha terma jamoa a`zolari ana shu markazda tibbiy ko`rikdan o`tadi. Markazda eng zamonaviy tibbiy uskunalar o`rnatiladi, mamlakatimiz bilan birga Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi qator davlatlardan taklif etilgan etakchi shifokorlar faoliyat olib boradi. Shu o`rinda ta`kidlash joizki, bunday tibbiy markaz dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud.
Sportchilarimiz yil davomida o`quv-mashg`ulot yig`inlarida ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirib bormoqda. Olimpiya sport turlari bo`yicha o`n to`rtta federasiya va assosiasiyalarga biriktirilgan 106 sport bazasida buning uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.
Murabbiylarning bilim va malakasini oshirish maqsadida xalqaro o`quv va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilinmoqda. Bu mashg`ulotlarga barcha viloyat va tumanlarda faoliyat ko`rsatayotgan murabbiylar jalb etilmoqda. Ular xalqaro federasiyalar va sport tashkilotlarining tajribali mutaxassislari boshchiligida nazariy va amaliy bilimlarini boyitmoqda. Olimpiya sport turlari bo`yicha xalqaro federasiyalarda mamlakatimiz mutaxassislari faoliyatini kengaytirishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan bu sa`y-harakatlar o`z samarasini berayotir. 2013-2014 yillarda mamlakatimizga kelgan Osiyo olimpiya kengashi, Osiyo Paralimpiya qo`mitasi, Xalqaro og`ir atletika, boks, qilichbozlik, engil atletika va gimnastika federasiyalari, Butunjahon kurash ittifoqi, Osiyo taekvondo ittifoqi, Jahon dopingga qarshi kurash agentligi kabi qator xalqaro sport tashkilotlarining rahbar va vakillari O`zbekistonda olimpiya xarakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlarga yuqori baho berdi.
2014 yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o`tkazilgan XVII yozgi Osiyo o`yinlari arafasida tashkil etilgan Osiyo olimpiya kengashining 33-assambleyasida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi O`zbekistonda olimpiya xarakatini rivojlantirish borasida olib borayotgan ishlari, hamyurtlarimizning Osiyo qit`asida sportni yanada yuksaltirishga qo`shayotgan hissasi uchun Osiyo olimpiya kengashining eng yuksak mukofotiga sazovor bo`ldi.
O`zbekiston sportchilarining xalqaro maydonlarda erishayotgan g`alabalari ham tobora ortib bormoqda. Jumladan, 2014 yili Xitoyning Nankin shahrida o`tkazilgan II o`smirlar Olimpiadasida yosh sportchilarimiz 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medaliga sazovor bo`lib, yurtimiz yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo`lmasligini yana bir bor butun dunyoga namoyish etdi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo`lib o`tgan XVII yozgi Osiyo o`yinlari va II Paraosiyo o`yinlarida ham sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Osiyo o`yinlarida 61 nafar sportchimiz sovrindorlar safidan o`rin egallagan bo`lsa, Paraosiyo o`yinlarida yurtdoshlarimiz 22 bor shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. Bundan tashqari, 15 nafar paralimpiyachimiz 2016 yili Rio-de-Janeyroda o`tkaziladigan XV Paralimpiya o`yinlarining yo`llanmalarini naqd qilib qo`ydi.
O`tgan mavsumda istiqbolli sport turlari bo`yicha nufuzli musobaqalar – jahon va Osiyo chempionatlari, o`smirlar o`rtasidagi Olimpiya o`yinlari, yozgi Osiyo o`yinlarida hamyurtlarimiz 59 oltin, 50 kumush va 80 bronza, jami 189 medalni qo`lga kiritdi. Ayniqsa, badiiy va sport gimnastikasi, trampolin, erkin, yunon rum va xotin-qizlar kurashi, boks, og`ir atletika, taekvondo (WTF), dzyudo, akademik, baydarka va kanoeda eshkak eshish, engil atletika, o`q otish ustalari erishgan g`alabalar ushbu sport turlari bo`yicha imkoniyatlarimiz yuqori ekanidan dalolat berdi.
2015 yilgi sport mavsumi mas`uliyatli musobaqalarga yanada boy bo`ladi. Mamlakatimiz olimpiyachilari jahon va qit`a chempionatlari, nufuzli turnirlarda Braziliyada o`tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlari yo`llanmalari uchun kurashadi. Ushbu musobaqalarda sportchilarimiz avvalgilardan-da ko`proq yo`llanmalarni qo`lga kiritib, Olimpiadada yuksak o`rinlarga sazovor bo`lishiga ishonamiz.
Manba: UzA





