1

2020 yilda O`zbekistonda elektr energiyasi iste`moli o`rtacha 9 foizga oshishi kutilmoqda

Iqtisodiyot 13.01.2020, 18:20
2020 yilda O`zbekistonda elektr energiyasi iste`moli o`rtacha 9 foizga oshishi kutilmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 yanvar kuni elektr energetikasi sohasini yanada rivojlantirish bo`yicha joriy yilga asosiy vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. 

Elektr energetikasi iqtisodiy o`sishning barqarorligini va aholi farovonligini ta`minlaydigan muhim manbadir. Bu tarmoqni modernizasiya qilish, energiya quvvatlarini ko`paytirish va iste`molchilarga uzluksiz etkazib berish bo`yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etilgan edi. O`sha yilning 27 martidagi Prezident qaroriga asosan, “O`zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati isloh qilinib, uning negizida “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil topdi.

O`tgan yili mamlakatimizda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi.

Joriy yilda elektr energiyasi iste`moli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, o`tgan yilgiga nisbatan o`rtacha 9 foizga, ya`ni, iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yig`ilishda ushbu ehtiyoj qaysi manbalar hisobidan qoplanishi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “yo`l xaritasi” ijrosi muhokama qilindi.

Prezidentimiz 2020 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va etkazib berish bo`yicha belgilangan chora-tadbirlarni to`liq, sifatli amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.

Joriy yilda issiqlik elektr stansiyalarida 1177 megavatt, gidro elektr stansiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hisobiga 3 ming 500 megavattli bug`-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shunday quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini qurish bo`yicha loyihalar shakllantirilgan.

Yig`ilishda tarmoq korxonalarida rentabellikni ta`minlash, energiya iste`moli uchun qarzdorlikni bartaraf etish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bu borada yaxshi samara berayotgani qayd etilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 4 million 500 ming dona zamonaviy hisoblagichlar o`rnatish vazifasi qo`yildi.

Sohadagi islohotlarning keyingi bosqichida elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini shakllantirish, generasiya jarayoniga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida investorlarni jalb qilish va bunda davlat kafolatini bosqichma-bosqich kamaytirish muhimligi ta`kidlandi. 

Yig`ilishda sohani rivojlantirishning uzoq istiqbollari ham ko`rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko`ra, 2030 yilga borib yurtimizda elektr energiyasi iste`moli hozirgiga nisbatan 2 barobar ko`p bo`lishi kutilmoqda. Shu bois Energetika vazirligiga keyingi o`n yilda umumiy quvvati 7 ming 900 megavattni tashkil etadigan yangi issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirish bo`yicha topshiriqlar berildi. 

Shuningdek, investorlarni jalb qilgan holda, 8 ming megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, gidro elektr stansiyalari quvvatini 1 ming 935 megavattga oshirish, kichik gidro elektr stansiyalar barpo etishni xususiy sektorga berish yuzasidan vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi tashkilotlarga Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita ishlaydigan o`rta va kichik bo`g`in mutaxassislarini tayyorlash bo`yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. 

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha korxonalari rahbarlari hisobot berdi, chora-tadbirlar belgilab olindi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1