Xalqaro futbol uyushmalari federasiyasi – FIFA milliy terma jamoalarning yangi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, O`zbekiston milliy terma jamoasi avvalgi oy reytingidagi o`rnini saqlab qolgan holda 71-o`rinda bormoqda, deb yozadi 12news.uz.
O`FF matbuot xizmati bildirishicha, yangi reytingda O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo miqyosida oltinchi o`ringa tushdi. Qit`a reytingini hamon Eron boshqarib turibdi – 41. Osiyo Kubogi finalchisi Janubiy Koreya terma jamoasi esa Osiyo qit`asi reytingida 2-o`ringa ko`tarildi. Osiyo Kubogi g`olibi – Avstraliya terma jamoasi esa avvalgi reytingdan 37 pog`ona yuqoriladi va qit`ada Yaponiya (55)dan so`ng 4-o`ringa ko`tarilib oldi. Osiyo Kubogi yarim finalchisi BAA terma jamoasi ham 14 pog`ona yuqoriladi va 66-o`rinda qayd etildi.
MDH, Gruziya va Boltiqbo`yi mamlakatlari orasida O`zbekiston milliy terma jamoasi Ukraina (27) va Rossiya (33)dan keyingi o`rinda bormoqda.
Jahon reytingida esa amaldagi jahon chempioni – Germaniya peshqadam bo`lib turibdi. Germaniya terma jamoasidan keyingi o`rinlarda Argentina va Kolumbiya terma jamoalari o`rin olishgan. Jahon reytingining to`liq ko`rinishi bilan FIFA rasmiy saytida tanishish mumkin.





