1

Qator xorijiy universitetlar o`quv dasturlariga Cho`lponning "Kecha va kunduz" asarini kiritishni rejalashtirmoqda

Mutolaa 19.01.2020, 11:35
Qator xorijiy universitetlar o`quv dasturlariga Cho`lponning "Kecha va kunduz" asarini kiritishni rejalashtirmoqda

17-yanvar kuni O`zbekistonning London shahridagi elchixonasida zamonaviy o`zbek she`riyati va adabiyotining asoschilaridan biri Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lponning birinchi marta ingliz tiliga tarjima qilingan “Night and Day” (“Kecha va kunduz”) romanining taqdimoti bo`lib o`tdi.

Tarjima muallifi yosh olim, AQShning Michigan universiteti slavyan tillari va adabiyoti kafedrasi ma`ruzachisi Kristofer Fort. U deyarli bir yil davomida O`zbekistonda yashab XX asrdagi o`zbek adabiyoti bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishi uchun materiallar to`plagan va o`zbek tilini o`rgangan.

2019-yilda u dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy ishida bir paytda ham xalqimizning madaniy-tarixiy an`analarini, ham o`zbek musulmon islohotchilarining taraqqiypavar g`oyalarini o`zida mujassam etgan XX asr boshidagi o`zbek sotsrealizmi adabiyotining noyobligini isbotlab berdi. Kristofer Fort fikriga ko`ra, Cho`lpon o`zbek adabiyoti rivojiga muhim hissa qo`shgan, chunki satira va elegiya janrlari bilan cheklanib qolmay jadidizm dunyoqarashining estetik qadriyalarini to`liq ochib bera olgan.

Tarjimon Cho`lpon asari ilk sahifalaridan o`z yumori va jozibadorligi bilan uni rom etgani va u darhol tarjimaga kirishganini qayd etdi. Bunda u o`z ishga ilmiy tadqiqot singari yondoshdi: boshida o`quvchiga mazkur roman nima uchun qiziqarli ekanligi va o`zbek adabiyotida alohida o`rin egallashini tushuntiradi, keyin Cho`lpon hayoti va ijodining o`ziga hos jihatlarini ochib beradi, “Kecha va kunduz” romanining yaratilish tarixi va keyingi taqdiri haqida hikoya qiladi va oxirida atama va tushunchalarining izohli lug`atini keltiradi.

O`zbekistonning London shahridagi Elchixonasi romanning tarjima qilinishi va chop etilishiga amaliy yordam ko`rsatdi. Kitob o`quvchilar o`rtasida ommalashib bormoqda va “Amazon” savdo platformasida faol sotilmoqda. Qator xorijiy universitetlar Markaziy Osiyo tarixi va adabiyoti bo`yicha o`quv dasturlariga Cho`lponning mazkur asarini kiritishni rejalashtirmoqda.

Kristofer Fort o`zbek klassik adabiyoti vakillari ijodlarini tarjima qilishni davom ettirishini ta`kidladi. Yaqin vaqt ichida G`ofur G`ulomning “Shum bola” qissasidan parchalar hamda Abdulla Qahhorning “O`tmishdan ertaklar” qissasini tarjima qilishni rejalashtirmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1