1

Rossiyaning «RENOVA» kompaniyasi bilan muzokaralar bo`lib o`tdi

Iqtisodiyot 20.01.2020, 11:39
Rossiyaning «RENOVA» kompaniyasi bilan muzokaralar bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov «RENOVA» kompaniyalari guruhi direktorlar Kengashining raisi, «Skolkovo» Fondi direktorlar Kengashi raisi Viktor Vekselberg boshchiligidagi Rossiya delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Delegasiya tarkibidan shuningdek, «Xevel», «KompleksProm» AJ, «ROTEK» AJ, «Gruppa Orgsintez» AJ, «Ximprom» OTAJ, «Sifra» MChJ kompaniyalari guruhi rahbariyati joy olgan.

Muzokaralar davomida «Raqamli konlar» platformasi negizida uglevodorodlarni o`zlashtirish samaradorligini oshirish bo`yicha milliy markaz yaratish, O`zbekistonda qayta tiklanuvchi va muqobil energiya sohasida hamda zarur texnologiyalarni etkazib berish kabi yo`nalishlarda hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

«RENOVA» kompaniyalari guruhi o`rnatilgan quvvati 14 GVtga teng Rossiyadagi yirik xususiy elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi bo`lib, mamlakatning 20 ta hududida faoliyat ko`rsatadi. Mazkur kompaniya Rossiyada elektr energetikasini qayta qurish va bozorni shakllantirishning barcha bosqichlarini bosib o`tdi, shu boisdan Rossiya tomoni tajriba almashish, shuningdek, O`zbekistondagi loyihalarda ishtirok etish, quyosh elektrstansiyalari qurish bo`yicha o`tkazilayotgan tenderlarda qatnashish, qolaversa, O`zbekistonda quyosh batareyalarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish, keyinchalik respublikada amalga oshirilayotgan loyihalarda ulardan foydalanish imkoniyatlarini ko`rib chiqishni taklif etdi. 

Energetika vazirligi mamlakatning energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda tayyorlangan sohani rivojlantirish konsepsiyasi to`g`risida ma`lumot berdi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga va yuqori qo`shimcha qiymatga ega mahsulotlar bilan ishlab chiqarishni diversifikasiyalashga, xususan, to`qimachilik sanoati uchun polimer va sintetik tolalar ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirdi. 

Rossiya tomoni o`z texnologiyalari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita joyida tanishish uchun O`zbekistonlik mutaxassislarni Rossiya Federasiyasiga taklif etib, shu munosabat bilan qo`shma ishchi guruhi tuzish va yuqorida ta`kidlangan sohalarda Rossiya kompaniyalarining tajribasi bilan tanishish va ularni o`rganish uchun tegishli ob`ektlarga tashrif buyurish tashabbusini ilgari surdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1