Bu gal ushbu rukn ostida “Kichik rollar bo`lmaydi, faqat kichik aktyorlar bor, xolos”, degan shior bilan o`ziga beriladigan har bir rolga yurak qo`rini berib ishlaydigan aktyor, O`zbek Milliy akademik drama teatri direktor o`rinbosari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Botir MUHMAMMADJONOV bosib o`tgan umr va ijod yo`liga nazar tashladi...
“Xolam sabab kinoga kirib qolganman”
— Oilada ikkinchi o`g`ilman, akam, ikki ukam va singlim bor. Onam maktabda rus adabiyotidan dars bergan, otam esa ishchi edi. Naq uchta maktabda qo`iganman: Avval 15, keyin 14-sonli maktabda, 1974 yilda uyimiz buzilib, Qoraqamishdagi ko`p qavatli uyga ko`chganimizdan keyin 196-maktabda o`qiganman. Ona tili va adabiyoti jonu dilim edi. She`r yodlashni yaxshi ko`rardim, rosti aniq fanlarni xushlamasdim. Badiiy to`garaklarga qatnashardim, albatta, har bir sahna ko`rinishida rol ijro etardim. 5-sinfda o`qib yurgan kezlarim, Komil Yormatovning “Uzoq va yaqin yillar” filmida suratga tushish nasib etgan. Bunga xolam, uzoq yillar hozirgi Milliy teatrda ishlagan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Lola Badalova sababchi bo`lganlar. Shu filmda xolam bilan ona-bola rolini ijro etganmiz. Suratga olish maydonchasi meni o`ziga sehrlab qo`yganki, dilimda aktyor bo`lish istagi tug`ilgan. Ota-onam esa shifokor bo`lishimni xohlashardi. Ularga “xo`p bo`ladi” derdim-u, xonamga kirib olib she`r, monolog yodlashdan bo`shamasdim (kuladi).
“Onam sirimni fosh qilgan”
— 10 sinfni tamomlab, niyatimni amalga oshirish maqsadida uydagilarga bildirmay, avvalgi Toshkent Davlat teatr va rassomlik institutiga hujjat topshirganman. Bordi-yu imtihonlardan o`tolmasam, ota-onamning istagiga ko`ra shifokor bo`laman, deb o`zimga o`zim so`z berganman. 26 iyul — “mandat” kuni onamga “duo qiling, sizlardan beruxsat ish qilgandim”, desam, ishonmay akamni menga qo`shib yuborgan. Borib ne ko`z bilan ko`rayki, o`qishga qabul qilingan 22 talaba orasida men ham bor edim. Yo`qsa, Madina Muxtorova 445, men 446-bo`lib hujjat topshirgandik. Xursandchiligimga uydagilar ham sherik bo`lishgan. Institutda Arsen Ismoilovning qo`lida to`rt yil tahsil oldim. O`qishga juda jiddiy qarardik. “Etyud”imiz o`xshamasa, hamma kursdoshlar tongga qadar institutda qolib, tayyorgarlik ko`rardik. Kechki ovqat uchun do`kondan buxanka non va konserva ko`tarib kelardim (kuladi). Arsen aka chekadiganlarni xushlamasdi, bizga ham “birortangni qo`lingda sigareta ko`rib qolsam, o`qishdan haydattiraman”, derdi. Paxtaga chiqqanimizda yigitlar yig`ilib, chekib o`tirgandik. To`g`rimizda qo`lida sigareta, boshida shlyapali bir chol bizga qarab turganiga ko`zimiz tushgandi. Bir vaqt kimdir “so`taqullar, qo`lga tushdilaringmi?” desa bo`ladimi (miriqib kuladi). Domla atay bizni chalg`itish va tekshirish uchun shunday yo`l tutgan ekan. “Seni izlab...” filmida tramvay bekatida chekadigan sahnasi bor edi. Onam o`shani ko`rib, “voy, o`g`lim chekasanmi?” deganida “ona, bu rol-ku!” desam, “yo`-o`-o`-q, bu professional sigareta chekish”, degandi (kuladi). O`sha rolim orqali sirim fosh bo`lib, onam chekishimni bilib qolgan.
“Ishni rejissyor yordamsi bo`lishdan boshlaganman”
— Hamza nomidagi drama teatriga ishga kirish uchun badiiy kengashga imtihon topshirgani bordim. Lekin otaxon teatrning salobati bosib, ikkilanib turganimni kuzatgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Xojiakbar Komilov qo`limdan etaklab, “dadil bo`l”, deya direktor xonasiga kirgizib yuborgan. Agar shu inson bo`lmaganida, balki izimga qaytib ketarmidim... Sinov vaqti Sora Eshonto`raeva “shu teatrni yaxshi ko`rsangiz, repetuarimizdagi istagan spektakldan monolog o`qib bering”, degan. Shunda “O`n uchinchi rais” spektaklidagi monologni yoddan aytishni boshladim. Monologda qahramon qo`lini bigiz qilib “sizga, sizga, sizga o`xshaganlarning butun xatti-harakatlari ma`nisiz...” deydigan qismi bor. Badiiy kengashda Nabi Rahimov, Shukur Burxonov, Sora Eshonto`raeva, Yoqub Ahmedov o`tirishibdi. Ularga qo`limni niqtolmayman, qo`rqqanimdan teatrning direktor o`rinbosarini ko`rsatib, monologni davom ettiribman-da... Shunda hamma kulib yuborgandi. Baxti kulgan inson ekanman, o`sha kuniyoq meni rejissyor yordamchisi qilib ishga olishdi. Bosh rejissyor Rustam Hamidov “rol ham o`ynayverasan”, degandi. Ertasi kuni — 1985 yilning 24 martida ishga kelayotsam, teatr eshigi yonida bir guruh ustoz san`atkorlar turibdi. Har biri salobatli aktyorlar, hatto salom berib, ularning oldidan o`tishga botinolmasdim. Repetisiyaga kirib ketishlarini kutib, so`ng erto`la orqali ish joyimga kirib olardim.
“Filmlarda ham ko`rinib qolarmiz...”
— Televideniedagi ilk qadamlarim 1986 yili “Otalar so`zi-aqlning ko`zi” ko`rsatuvidan boshlangan. Rixsivoy Avazov meni Mirabbos Mirzaahmedovning oldiga olib borib, “Ishdan gapiring, ishdan” degan bir og`iz gapli rol bergan. Ijro etdim, efirga ketadigan bo`ldi. Qarindoshlar-u, xullas, hammaga maqtanib qo`yganman. Efir kuni uydagilar bilan televizorni yoniga joylashib o`tirib oldik. Ne ko`z bilan ko`rayki, meni orqa plandan suratga olishgan ekan, ahvolimni tasavvur qilyapsizmi (miriqib kuladi)? Beadad shukr, shu ko`rsatuvda 500 dan ortiq rol ijro etib, xalqqa tanildim. Aslida salbiy rollarni ijro etishni yoqtirmayman. Shu tobda o`n besh yil avvalgi voqea yodimga tushdi. Mashinam yo`q, tramvayda yuraman. Bir qiz buvisiga pichirladi. Sezdim-da, yuzimni qo`lim bilan to`sadigan qilib, tutqichni ushlab oldim. Bir vaqt o`sha onaxon hassasi bilan turtib, “yuzingni ko`rsat-chi!” deya dag`dag`a qildi. Qarashimni bilaman, qarg`ab hassa bilan savalay ketsa bo`ladimi. Haydovchiga “tushib qolay, iltimos”, desam, “men ham seni yomon ko`raman”, deb to`xtatmay, oxiri yo`lning o`rtasida tushirib yuborgan. Fatxulla Mas`udov yaxshi, men yomon yigit emishman (kuladi).
Filmlarga kelsak, chaqirishadi-yu, negadir rolga tasdiqlashmaydi. Ochig`i, endi takliflarga rad javobini beradigan bo`ldim. “Chol va nabira” filmiga ham chaqirishganida bormagandim. Uchinchi bor rejissyor qo`ng`iroq qilib, “Botir, u sizning rolingiz, kelmasangiz bo`lmaydi”, deb chaqirib olgan. Vaqti kelib, filmlarda ham ko`rinib qolarmiz.
“Ustimdan kulganlarni yoddan chiqarolmayman...”
— Institutni birinchi bosqichida o`qiyotganimda otam insult bo`lib, oyoqdan qolgan. O`sha yillari onam ham ishdan bo`shagandi. Akam o`qishini sirtqiga o`tkazib, ishga kirishga majbur bo`lgan. U kishi bilan almashib, shifoxonada yotgan otamga qarardik. Ikki haftada shifokorlar “otangizni olib ketinglar” deganida, nevropotolog Xusan aka “o`zim davolayman”, deb parvarishladi. Shukr, otamning umri yigirma yilga uzaydi. Lekin o`sha vaqt mobaynida oilamiz juda qiyin axvolni boshdan kechirdi. O`qishdan chiqib, majburlikdan bir odamning sigaretasini sotib berardim. Qo`limga ikki-uch so`m tegardi. U pulga kerakli dorilarni olardim. Akam topgan puliga ro`zg`or qilardi. Sigareta sotib o`tirganimda ko`rgan tanishlarim sharoitimni bilmay, ustimdan kulgani yodimdan chiqmaydi (ko`ziga yosh oldi)...
Shukr, otam katta-katta rollar ijro etganimni ko`rdi. Birgina armonim o`sha kunlarni onam ko`rolmadi. 1999 yili vafot etgan... Otam esa 2001 yilda olamdan o`tgan.
“Bir ko`rishda sevib qolganman”
— Rafiqamni O`zbekiston Davlat konservatoriyasida bir bor ko`rib, sevib qolganman. Biroq otasi “san`atkorga turmushga bermayman”, deb qat`iy turib olgan. Onam “boshqa qizni toparmiz, baribir rozi bo`lishmaydi”, deganda ham fikrimni o`zgartirmaganman. Qaynotam musiqa kollejida dars berganida, Behzod Muhammadkarimov u kishining o`quvchisi bo`lgan ekan. So`ng Behzod bilan ishlashimni bilib, do`stim orqali meni surishtirishgan. Kutilmaganda Behzod “do`stim, ustozimning qiziga og`iz solibsan. Ish pishdi. Xo`sh, egnim va oyog`imning o`lchami 42”, deya ro`yxatini sanab ketdi (miriqib kuladi). Ikkinchi o`g`lim tug`ilganida qaynotam “Behzod sabab, oila qurdinglar, o`g`lingizni ismini Behzod, deb qo`ysak”, degan. Do`stimga qo`ng`iroq qilib, “pasportda isming qanday yozilgan?” deb so`rasam, yana kiyim o`lchamlarini aytib ketsa deng (kuladi). Uch o`g`il, bir qizimiz bor. Diyor, Behzod san`at sohasini tanlashmadi. Behruz va Aziza onasiga izdosh bo`lishyapti. Baxtli oilalardan birimiz!
Bilasizmi?
- Botir Muhammadjonov 1964 yilning 29 sentyabrida Toshkent shahrining ziyolilar oilasida dunyoga kelgan.
- 30 yildan beri O`zbek Milliy akademik drama teatrida ishlaydi. 27 yildan buyon direktor o`rinbosari.
- 2004 yili O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
- Televidenieda 500dan ortiq, kinoda 20dan ortiq rol ijro etgan.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Islom RO`ZIEV





