AsosiySavol-javob

Prokuratura to`rtko`llik fuqaroning 10 000 dollarini undirib bera oladimi?

'Prokuratura to`rtko`llik fuqaroning 10 000 dollarini undirib bera oladimi?'ning rasmi

— Fuqaro A.Reymov To`rtko`l tuman “Ko`na To`rtko`l” OFY 3-bo`limda 2014 yildan shu kungacha davlat eridan noqonuniy foydalanib doimiy emas, mavsumiy yashab yurgan. 3600 m2 er-joyni “meniki, pul kerak”, deb ishonchimizga kirib, guvohlar ishtirokida sotgan. Davlat eridan noqonuniy foydalanib, o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratni majburiy buzish to`g`risida sudga protest kiritishingiz va oilamni aldab, 1500 m2 er-joyga merosxo`r sifatida ega bo`lib, 3600 m2 er-joyni “meniki”, deb aldab sotgani uchun jinoyat ishi qo`zg`atishingizni, oilamga etkazilgan 10.000 dollar zararni undirib berishingizni so`rayman. 

Kalmurat Seitmuratov, Qoraqalpog`iston Respublikasi To`rtko`l tumani

     

O`TKAZIB YuBORILGAN MUDDAT TIKLANIShI MUMKIN

Dauletbay ELMURATOV,

Qoraqalpog`iston Respublikasi prokurorining o`rinbosari, adliya katta maslahatchisi:

— Aniqlanishicha, da`vogar K.Seitmuratov javobgar A.Reymovga nisbatan turar-joydan majburiy chiqarish haqida da`vo ariza bilan sudga murojaat qilgan. FIB Beruniy tumanlararo sudining 2014 yil 21 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan da`vogarning da`vo arizasi rad qilingan. 

Ish hujjatlariga ko`ra, To`rtko`l tumani, “Ko`na To`rtko`l” OFY 3-bo`limda joylashgan umumiy er maydoni 1500 kv.metr bo`lgan uy-joy marhum Sh.Raimovga tegishli bo`lgan. Marhum Sh.Raimov vafot etgani sababli javobgar A.Reyimov To`rtko`l tumani 1-sonli davlat notarial idorasi orqali 2014 yil 15 avgustdagi reestrga 093-raqami bilan qayd qilingan turar joyga qonun bo`yicha merosga bo`lgan huquq to`g`risida guvohnoma olgan. Ushbu turar joyni To`rtko`l tumani 1-sonli davlat notarial idorasining 2014 yil 27 avgustdagi reestrga 10284-raqami bilan qayd qilingan uy-joy oldi-sotdi shartnomasiga asosan da`vogarga 58.000.000 so`mga sotgan. 

Oldi-sotdi shartnomada nizoli turar joyning er maydoni 0,15 ga deb ko`rsatilgan. Da`vogar hozirgi vaqtda ushbu turar-joyda oilasi bilan yashayotgan, da`vogarning da`vo qilayotgan hozirda 1 xona uy-joy va 2 xona molxonadan iborat bino 1992 yil 31 yanvardagi Axunbabaev kolxozining umumiy yig`ilish qaroriga asosan 0,15 ga er maydoni javobgarga ajratib berilgan. Xo`jalik kitobining 11-varaq hisobida 271-shaxsiy raqam bilan ro`yxatda turgan va ushbu oldi-sotdi shartnomasi qonuniy kuchida bo`lgan.

Uy-joy kodeksining 11-moddasi, 3-bo`limida “Turar joyga bo`lgan mulk huquqi muddatsiz bo`lib, fuqarolar va yuridik shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda shaxsning o`ziga tegishli turar joyga o`z xohishiga va o`z manfaatlariga ko`ra egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o`zining mulk huquqini buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir”, deb ko`rsatilgan. 

Mazkur sud qaroriga protest keltirish uchun etarli asoslar topilmadi. Fuqarolik prosessual kodeksining 426-moddasida nazorat tartibida shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e`tiboran bir yil ichida bevosita Oliy sudiga beriladi.

Sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga ko`ra o`tkazib yuborilgan muddat ushbu kodeksning 155-moddasi qoidalariga muvofiq tiklanishi mumkin. 

Sadoqat ALLABERGANOVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar