AsosiySport

Paralimpiya. Uch nafar dzyudochimiz dunyo reytingida peshqadam

Mamlakatimiz paralimpiyachilarining xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyatlari salmog`i yildan-yilga yuksalib bormoqda. Bugungi kunga kelib mardonavor sportchilarimiz Paralimpiya o`yinlari dasturidan o`rin olgan dzyudo, suzish, engil atletika, pauerlifting, o`q otish kabi qator turlari bo`yicha dunyo reyting jadvallarida yuqori o`rinlarni egallab kelishmoqda. Bu haqda olamsport.com nashri xabar beradi.

Jumladan, mamlakatimiz dzyudo ustalari Odiljon Tulendiboev (+100 kg.), Nurbek Berdiyorov (-66 kg.), Sherzod Namozov (-60 kg.) Halqaro Paralimpiya Qo`mitasi (International Paralympic Committee) hamda Butunjahon ko`zi ojiz sportchilar Assosiasiyasi (International Blind Sport Association)ni reyting tasnifiga ko`ra o`z vazn toifalarida peshqadamlik qilishmoqda.

Bundan tashqari Feruz Sayidov (-73 kg.), Shirin Sharipov (-100 kg.), Shuxrat Boboev (-90 kg.), Gulrux Raximova (-70 kg.), Sevinch Salaeva (-52 kg.) kabi dzyudo ustalarimiz ham dunyo reyting jadvalida kuchli o`ntalikdan joy olishgan.

Sportchilarimiz reyting ochkolarining aksariyat qismini 2014 yili AQShda bo`lib o`tgan Jahon chempionati hamda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o`tkazilgan Paraosiyo o`yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroklari orqali qo`lga kiritishgan.Bundan tashqari dzyudo ustalarimiz qator Gran-Pri turniri va nufuzli xalqaro turnirlarda ham ko`plab sovrinli o`rinlarga sazovor bo`ldilar.

Joriy yilning may oyida Seul shahri (J.Koreya)da Butunjahon ko`zi ojizlar o`yinlari o`tkaziladi va mazkur musobaqalar Paralimpiya o`yinlarining reyting ochkolari o`ynaladigan eng yirik bellashuvlar hisoblanadi. Bundan tashqari dzyudochilarimiz reyting ochkolari o`ynaladigan qator xalqaro turnirlarda ham ishtirok etib, dunyo reyting jadvalidagi mavqeilarini yanada yaxshilab borish imkoniyatiga egalar. 

Ma`lumot uchun, 2012 yili London shahri (B.Britaniya)da o`tkazilgan XIV Paralimpiya o`yinlarida O`zbekistondan Sharif Xalilov dzyudo kurashi bo`yicha o`tkazilgan musobaqalarda ishtirok etgan va yakunda kumush medal sovrindori bo`lgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar