1

“Olti barmoq”lilar oilasi

Dunyo 27.02.2015, 15:36
 “Olti barmoq”lilar oilasi

2014 yilgi futbol bo`yicha jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi antiqa ishqibozlari bilan ajralib turdi. Oilaviy futbol muxlislarining har biri qo`liga 12 tadan suyukli jamoasining bayroqchalarini qistirib, futbolchilarni qo`llab turishdi. Bu qadar tashabbus ko`rsatish ular uchun cho`t emas. Chunki har birining qo`l panjalarida 12 tadan barmoq bor. Ha-ya, oyoqlarida ham xuddi shuncha.  Qahramonlarimiz braziliyalik “Ortiqvoy”lar.

Nasl surgan mutasiya

Braziliyaning Aguas Klaras shahrida istiqomat qiluvchi Da Silva oilasining 14 nafar a`zosi qo`shimcha qo`l va oyoq barmog`iga ega. Ya`ni har birida 24 tadan barmoq bor. Ma`lum bo`lishicha, mutasiya to`rt avlodda kuzatilgan bo`lib, nasl surayotgani bilan genetiklarni o`ylantirib qo`ygan. Zero, tibbiyotda polidaktiliya nomi bilan yuritiladigan ushbu xastalikning barcha oila a`zolarida kuzatilishi kamdan-kam uchraydigan holatdir. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, ushbu kasallik yuzta chaqaloqdan ikkitasida uchrashi mumkin. Tug`ma rivojlanish nuqsoni sanalgan ortiqcha barmoq ko`pincha qo`l-oyoq panjasi qatoridan tashqarida joylashgan bo`ladi. Ammo Da Silvalarda bunday emas. Hatto bir qarashda oltinchi barmoqni payqamaysiz ham.

Ba`zilar ortiqcha barmoqni jarrohlik yo`li bilan oldirib tashlaydi. Biroq Da Silvalar xonadonida “oltinchi” so`zi noodatiy talaffuz etilmaydi va shu paytgacha hech kim jarrohlik haqida so`z ochgan emas.

“Oltinchi barmog`imning borligi ro`zg`or ishlarida asqotadi. Faqat bog`ni parvarishlash uchun maxsus qo`lqoplar biroz noqulay-da. An`anaviy bichimdagilari bilan ikkita barmog`imni birlashtirishimga to`g`ri keladi. Umuman olganda men o`zimni xasta hisoblamayman” — deydi yigirma sakkiz yoshli Ana Karolina.

Futbol bo`yicha chempionatda ishtirok etish g`oyasi Ananing onasi Silviya Santosga tegishli. U sababli butun dunyo olti barmoqlilar oilasi haqida xabar topdi. Silviyaning ommaviy axborot vositalariga havola etgan hujjatlarida Servero de Buytrago shahrining 50-yillardagi tarixi aks etgan. Hujjatda yozilishicha, o`sha paytlarda shahar aholisi orasida oltita barmoqlilar ko`p bo`lgan. Tug`ma rivojlanish nuqsonining ommalashayotgani olimlarni xavotirga solib, bir qancha tibbiy ko`riklar, kuzatuvlar olib borilgan. Ma`lum bo`lishicha, Silviyaning ota tomonidan buvisi olti barmoqlilarning dastlabki vakilasi bo`lgan. Otasi esa shahardagi birinchi musiqiy klub asoschilaridan bo`lib, turli musiqa asboblarida mohirona kuy ijro etishni bilgan.

Da Silva oilasiga tegishli ma`lumotlar aniqlangach, olimlar mutasiya nasl surgani va keyingi avlodlarda ham takrorlanish ehtimoli borligini aytishgan. Mutaxassislar fikricha, zamonaviy tibbiyot imkoniyatlari anchayin takomillashgan bo`lsa-da, irsiy kasalliklarni butunlay bartaraf etish choralari to`liq o`rganilgan emas.

Da Silvalarning “qarindosh”lari

Biznes maktabining bitiruvchisi Xaramb Ashok Kumtekar jami 26 ta barmoqqa ega. Shulardan 12 tasi qo`lida (har bir qo`l kaftida 6 tadan) qolgan  14 tasi oyog`ida (har bir oyoq kaftida 7 tadan) joylashgan. Xarambda ham polidaktiliya xastaligi bor. Barmoqlarning ortiqchaligini aytmasa, boshqa hech qanday bezovtalik yoki og`riqlardan shikoyat qilgan emas.

Guantanamo viloyatidan bo`lgan Ernandes Garridoni ismi bilan atasangiz, tanishmaydi. “Yigirma to`rt” deyishingiz bilan esa darrov ta`rifini keltirib, hatto birga tushgan suratlarni ham ko`rsatishlari mumkin. Ernandes bu erlarda mahalliy yulduz hisoblanadi. Qo`l va oyog`idagi 12 barmoq yordamida kokos daraxtiga bemalol  chiqa oladi.

“Shahzoda Dostonning malikasi”

Fors shahzodasi Doston haqidagi filmda bosh qahramon Tamina rolini Gollivudning yosh aktrisalaridan biri Jemma Arterton ijro etgan. Akrisaning tashqi ko`rinishida sharqoni latofat hamda g`arbliklarga xos viqor borligini rejissyorlar ko`p bor ta`kidlashadi. Ayni dam yulduzlik zinapoyasidan tobora yuqorilayotgan aktrisa qo`l panjasida 12 ta barmoq bilan tug`ilganini esa ko`pchilik bilmasa kerak. Otasidagi polidaktiliya kasalligini meros olgan Jemma aktrisalik karerasi haqida jiddiy qaror qilgach, ortiqcha barmoqlarni jarrohlik yo`li bilan oldirdi. Muolaja zamonaviy texnologiyalar yordamida bajarilgani bois nuqson o`rni umuman bilinmaydi.

“Oltinchi barmoq tashqi ko`rinishimga daxl qilmaydi” deganlar orasida Gollivud aktrisasi Xolli Berri, mashhur teleboshlovchi Opra Uinfrini ko`rish mumkin. Tug`ma nuqson bilan dunyoga kelgan xonimlar tanalaridagi noodatiylikdan zarracha uyalishmaydi.

Internet materiallari asosida YuLDUZ tayyorladi

 

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1