Bayram munosabati bilan yurtimizning san`at va sport sohasi rivojiga o`z hissasini qo`shayotgan vakillariga o`z savollarimiz bilan murojaat etdik. “Otalar va qizlar” deb atalgan loyihamiz shartiga ko`ra ishtirokchilarning qiz farzandalari ko`p bo`lishi kerak va ular rafiqalari bir soat bo`lmaganda farzandalarini nima bilan band qilishni o`ylab topishlari hamda bizning uchta savolimizga javob berishlari lozim. Ko`raylikchi, o`z sohasining mohirlari qizlarini nima bilan band etishar ekan?
Savollar:
1. Oxirgi qizingiz tug`ilganda ko`nglingizdan nimalar kechgan?
2. Oxirgi marta qizlaringiz uchun qachon va qanday taom tayyorlab berdingiz?
3. Har bir qizingizga sovg`a tanlashda qanday yondoshasiz?
“Uf, maktabda qayta o`qigandek bo`ldim”
Teleboshlovchi va prodyuser, "Mening yurtim" telekanali orqali taqdim etilayotgan "Qaynona- kelin" seriali prodyusseri Ravshan Hakimov.
Qizlarining ismi: — Muzayyana, Tanzila va Ansora.
1. Har bir qizimning tug`ilishida xursand bo`lganman. Chunki Xudo qiz farzandni o`zi siylagan bandasiga berishini bilaman.
2. Kichik qizim Ansora tug`ilishidan avval qizlarimga tuxum qovurib bergandim. Chunki faqat shu ovqatni tayyorlashni bilaman. Bundan tashqari yaqinda rafiqam mehmonga ketganida Ansoraga pishloq edirib, amallab qornini to`yg`azib olib o`tirdim. (kuladi)
3. Qizlarimga sovg`a tanlashda har birining ko`ngli bilan hisoblashaman. Shu bois har biridan bayramda qanday sovg`a kutayotganini so`rab olaman.
“Soch o`rish namuncha qiyin ekan-a?!”
Bastakor, uch yuzdan ortiq filmlar sauntdreki muallifi. O`zbekiston Davlat konservatoriyasi o`qituvchisi, Doniyor Agzamov.
Qizlarining ismi: Diyora, Dilyora, Farangiz
1. Kenja qizim tug`ilganda ham o`zimni birinchi marta farzandli bo`lganimdek baxtli his qilganman. Axir “uchta qizni dunyoga keltirib, tarbiyalab, voyaga etkazgan ota jannati bo`ladi”, deyishadi-ku?
2. To`g`risi, qizlarimga biror marta ovqat tayyorlab bermaganman. Lekin o`zim ovqatlantirishim rost. O`rtancha qizim biroz injiqroq bo`lgani bois uni deyarli har kuni o`zim ovqatlantirib qo`yaman.
3. Katta qizim aqlini tanigan yoshda. U hozir Uspenskiy nomli musiqa maktabida pianino bo`yicha tahsil olyapti. Bayramdan bir-ikki oy avval undan “ senga nima sovg`a qilay?”, deb so`rayman. O`rtancha qizimga esa onasi bilan maslahatlashgan holda qimmatbaho taqinchoqlar sovg`a qilaman. Uchinchisi hali juda kichkina bo`lgani bois xozircha o`ziga mos kiyim-kechaklar, har xil o`yinchoqlar sovg`a qilib turibman (jilmayadi).
“Xola-xola o`ynaymiz”
Xonanda, “Shod” guruhi a`zosi Shuhrat Umarov.
Qizlarining ismi: Odinaxon, Robiyaxon va Roziyaxon
1. Odam ota bo`lganda o`zini qanday baxtli his qilsa men ham shunday baxtli edim. Ba`zilarga o`xshab qizim tug`ilganida rafiqamga “Nega o`g`il tug`mading?”, deya ta`na qilmaganman. Xudoning berganiga shukr qilganman.
2. Yaqinda turmush o`rtog`im to`yga ketganida qizlarimga o`z xohishlariga ko`ra kartoshka bilan go`sht qovurib berdim.
3. Qizlarimga sovg`alarni har birining xarakteriga qarab tanlayman. To`ng`ich qizim biroz jiddiy, qo`g`irchoqni o`ynamay qo`ygan. Unga chiroyli o`quv qurollarini sovg`a qilaman. Masalan, yaqinda kun tartibi va kun davomida nimalar bilan band bo`lganligini yozib yurishi uchun kundalik sovg`a qildim. Ikkinchisi bir oz sho`xroq. Unga rasm chizish, ertak kitoblarini bo`yash bo`lsa bo`ldi! Kichigiga hozircha faqat shirinliklar bo`lsa bas!
“Qani, hamma sportzalga!”
Bodibilding bo`yicha besh karra O`zbekiston chempioni, O`zbekiston kubogi sovrindori, sport ustasi, Toshkent bodibilding va fitnes federasiyasi prezidenti Habibulla Nizomov.
Qizlarining ismi: Shukrona, Zaynab, Sojida hamda Safiya.
1. Xudoga shukr qilganman. Kenja qizim tug`ilganida nega yana qiz tug`ildi, deya nolimaganman.
2. Yaqinda qizlarimga tuxum qovurib berdim. Chunki boshqa taomlarni pishirishni bilmayman-da!
3. Har birining o`z fe`l-atvoriga qarab tanlayman. Bayramlarda oldindan o`zlaridan so`rab, keyin sovg`a tanlashni ma`qul ko`raman.
“Men emas, qizlarim menga qarab turishdi”
Xonanda, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Abdurashid YO`LDOShEV.
Qizlarining ismi: Nozimaxon, Madinabonu, Munisa, Robiyabonu. (Uchinchi qizidan so`ng bir o`g`il farzandi ham bor).
1. Albatta xursand bo`lganman. Chunki qiz farzand baribir ota-onasiga mehribonroq bo`ladi.
2. Bunday holat juda tez-tez bo`lib turadi. Aslida uyda bo`sh vaqtim bo`ldi deguncha o`zim oshxonaga kirib taom tayyorlashni, qizlarimga ham o`rgatishni yaxshi ko`raman.
3. Qizlarimga sovg`ani o`z didimga qarab tanlayman. Ba`zida onasi bilan maslahatlashgan holda qizlarning kamchiliklariga qarab sovg`a tanlayman.
Ko`rib turganingizdek, mashhur otalar o`zlariga topshirilgan vazifani qoyilmaqom qilib bajarishdi! Biz esa ularga tasanno aytgan holda, fursatdan foydalanib, sahifamiz mehmonlarining rafiqalarini va barcha muxlislarimizni bayram bilan muborak etamiz!





