O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 fevral kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda davlat rahbarlari ko`p qirrali O`zbekiston-Rossiya hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani hamda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
2019 yilda o`zaro hamkorlikda salmoqli amaliy natijalarga erishilgani va barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli faollashgani alohida qayd etildi.
Xususan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur`atlar bilan barqaror oshib bormoqda. Bir yilning o`zida 500 qo`shma korxona tashkil etildi, Rossiyaning etakchi kompaniya va baknlari ishtirokida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ustuvor investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ta`lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvlar kengaymoqda.
Muloqot chog`ida oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, jumladan, tashrif doirasida navbatdagi hududlar va rektororlar anjumanlarini, media-forum va boshqa tadbirlarni o`tkazishga alohida e`tibor qaratildi.
Mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga raisligi yilida O`zbekiston va Rossiya hamkorligining istiqbollari ko`rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.