Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 12 fevral kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida Mahalla va oila vazirligini tashkil etish taklifi berilgan edi.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida shu masala muhokama qilindi.
Parlament quyi palatasida tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq, deputatlar O`zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri – Hukumat a`zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko`rib chiqdilar.
O`zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ayni paytda Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi raisining birinchi o`rinbosari – “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Rahmat Mamatovning nomzodi ko`rsatilgan.
Muhokamalar chog`ida deputatlar mahalla institutinining roli va ahamiyatini oshirish, aholining chinakam ko`makdoshiga aylantirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, jamiyat va oilada sog`lom, barqaror ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada mustahkamlash, tinchlik-totuvlik, osoyishtalikni ta`minlash borasida katta ishlar qilinayotganiga e`tibor qaratar ekan, bu borada yangi vazirlik va uning rahbariyati oldida turgan muhim vazifalar xususida o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Parlament a`zolari mahalla institutining ichki ishlar organlari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yo`lga qo`yish, shuningdek, sohaga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish kabi o`ta muhim masalalar yuzasidan takliflarini ilgari surdilar.
Shu bilan birga, nomzodning harakat rejasi yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar.
O`z navbatida, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzodi ko`rsatilgan Rahmat Mamatov parlament a`zolari savollariga atroflicha javob qaytardi hamda mazkur lavozimga kirishganidan so`ng vazirlik bilan parlament o`rtasidagi munosabatlar yanada faol va samarali bo`lishini bildirdi.
Savol-javob, muhokamalar yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Rahmat Mamatovni O`zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ma`qullash haqidagi qarori qabul qilindi.






