Xiva 2020 — Turk dunyosining madaniy poytaxti logotipi tasdiqlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doimiy kengashining 37-majlisida 2020 yilda Xiva shahri turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e`lon qilingan edi.
Xiva shahriga bu maqomni berish taklifi 2018 yil sentyabr oyida Qirg`izistonda o`tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VI sammitida bildirilgan.
Turk dunyosi madaniy poytaxti sifatida har yili Turkiy tilli davlatlar shaharlaridan biri tanlab olinadi.
2018 yil ushbu nom Turkiyaning Kastamonu shahriga nasib etgan bo`lsa, 2019 yilda esa bu maqomga Qirg`izistonning O`sh shahri egalik qildi.
Ma`lumot o`rnida: Mazkur maqom Turksoy xalqaro madaniyati tashkiloti tomonidan beriladi. Tashkilot Ozarbayjon, O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya, Turkmaniston ishtirokida 1993 yil 12 iyulda tashkil topgan. Hozirgi kunda ushbu tashkilotga 13 ta mamlakat a`zo.
Uning bosh qarorgohi esa Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan.






