Nukus shahri Pushkin ko`chasidagi 16-uy. Ostonadan ichkari odimlar ekansiz, darvozada osilgan peshlavha e`tiboringizni tortadi: «Bu uyda hurmatli nuroniy, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdullaev Nurulla yashaydi». Bu yozuvning o`ziyoq qalbda cheksiz ehtirom tuyg`usini uyg`otadi.
Nuroniylar – hayot hikmati. Ularning umr yo`li yoshlarni hamisha halol va mehnatsevar bo`lib yashashga undaydi.
95 yoshli otaxon g`alabani Berlinda kutib olgan yurtdoshlarimizdan biri. Nurulla bobo o`zining janggohlarda kechgan navqiron yoshlik damlarini o`kinch bilan eslasa-da, istiqlol quyoshi porlagan dorilomon kunlarni ko`rganiga, tinchlik-osudalik, mehnat faxriylariga ko`rsatilayotgan g`amxo`rlikka shukrona keltirib yashaydi. Turmush o`rtog`i bilan to`rt o`g`ilni voyaga etkazib, elga qo`shgan qahramonimiz bugun farzanlari, qolaversa, 6 nevara, 14 chevara ardog`ida. Urushdan qaytgach, u uzoq yillar ichki ishlar, adliya vazirliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarida yuqori lavozimlarida xizmat qildi.
Nukuslik Nurulla otaning chap oyog`idan olgan og`ir jarohati unga mash`um urushning dahshatli voqealarini eslatadi. O`zbekistonning bugungi qudratli armiyasi eng kuchli mutaxassislar qo`lida ekani unga mudom taskin beradi. Ikkinchi jahon urushida boshidan o`tkazgan qora kunlardagi so`nmas iroda va jasorat, qahramonlik va mardlik sohiblariga ehtirom ko`rsatish xalqimizning o`ziga xos oliyjanob qadriyatlaridan biriga aylangan. Ular davlatimiz e`tiborida, sihat-salomatlikda, doimiy g`amxo`rlik og`ushida umrguzaronlik qilmoqda.
Yaqinlari davrasida keksalik gashtini surayotgan Nurulla otani Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi va Qoraqalpog`iston mudofaa ishlari boshqarmasi ofiserlari beixtiyor quvontirib yubordi. Gap shundaki, ushbu harbiylar urush qatnashchilarining holidan xabar olishni sira kanda qilmaydi. Ularning turli esdalik sovg`alar bilan bu galgi yo`qlovi ham urush faxriylariga e`zozning yorqin ifodasi bo`ldi. Bundan otaning ko`ngli tog`dek ko`tarildi.
Tashrifdan ko`zlariga sevinch ingan otaxonning qo`llari duoga ochildi: “Yurtdan tinchlik, baraka arimasin! Aslo urush bo`lmasin!”.
Nurulla ota umri davomida yozib yurgan maqola va qaydlarini oxiri bir joyga jamlab, 2019 yilda “Pamyat – vechna, pochitanie – svyashenno” (“Xotira – abadiy, ehtirom – muqaddas”) nomli kitobini nashr etdi. O`ziga esdalik uchun qoldirgan nusxasini o`sha kuni faxriy otaxon “pogondagi mehmonlar”ga hadya etdi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati