AsosiyJamiyat

Prezident "Narxoz" bo`yicha yangi qaror imzolaydi

'Prezident "Narxoz" bo`yicha yangi qaror imzolaydi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidentining "Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.

Qayd etilishicha, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan iqtisodiyot sohasida kadrlarni tayyorlash borasida bugungi kunda o`z echimini kutayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bular:

  • shiddat bilan rivojlanayotgan amaliy jarayonlar, mamlakat iqtisodiyotini modernizasiya qilish, uni har tomonlama kompleks rivojlantirishga xizmat qiladigan ilg`or tajribalarning ta`lim yo`nalishi va mutaxassisliklari o`quv rejalari va fan dasturlarida o`zining aksini topmayotganligi, nazariy bilimlarning amaliyot bilan uzviy bog`lanmaganligi yuzaga kelgan;
  • globallashuv sharoitida iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida yuz berayotgan tarkibiy o`zgarishlar, iqtisodchi mutaxassis kadrlarga bo`lgan yangicha talablarning vujudga kelayotganligi, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo`yicha zamon talabiga mos bo`lgan oliy ma`lumotli va tanqidiy tahlil qilish kompetensiyasiga ega bo`lgan kadrlarga bo`lgan ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda vahokazo.

Quyidagilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish, oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlashning ustuvor yo`nalishlari etib belgilanadi:

  • mehnat bozori talablariga javob bera oladigan, iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va ko`nikmalarga ega oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash, bitiruvchilarning kasbiy-malaka darajasini xalqaro mehnat bozorida tan olinishini ta`minlash;
  • ta`limning sifati va raqobatbardoshligini ta`minlash maqsadida 2020/2021 o`quv yilidan boshlab kredit-modul tizimiga o`tish va jahondagi etakchi va nufuzli oliy ta`lim muassasalarining ilg`or tajribalarini tatbiq etish asosida o`quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o`quv va ilmiy-uslubiy ta`minotni ta`minlash;
  • zamonaviy ta`lim va axborot-kommunikasiya texnologiyalari ko`nikmalariga ega bo`lgan, multimadaniy va multilingvistik muhitda dars bera oladigan, tadqiqot ko`nikmalariga ega bo`lgan, O`zbekiston hukumati va biznes oldida turgan ahamiyatli vazifalarning echimini topa oladigan yangi avlod professor-o`qituvchilarini shakllantirish;
  • mustaqil ta`lim soatlari ulushini 60 foizgacha oshirish, talabalarda tanqidiy, ijodiy va kreativ fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish, o`quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish.

Universitetda 2020/2021-o`quv yilidan:

  • xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo`shma ta`lim dasturlari hamda tegishli ta`lim yo`nalishlari bo`yicha o`quv rejalari va fan dasturlarini universitet tomonidan mustaqil tasdiqlash;
  • ta`lim yo`nalishlarini optimallashtirish orqali talabalar qabulini asosan «Iqtisodiyot» ta`lim yo`nalishida amalga oshirish, birinchi va ikkinchi o`quv yilida «Umumiy iqtisodiyot» fakulteti bazasida matematika, matematik apparati mavjud bo`lgan fanlar, axborot texnologiyalari, iqtisodiyotda fundamental fanlar bo`yicha chuqur bilimlarni berish;
  • talabalarni 3-kursdan seleksiya orqali alohida guruhlarga ajratib maxsus dasturlar asosida o`qitishni tashkil etish va ularning sohalar bo`yicha bilim darajalari hamda qiziqishlari bo`yicha mutaxassisliklarga ajratishni yo`lga qo`yish;
  • «Statistika» va «Turizm» ta`lim yo`nalishlari bo`yicha talabalarning bakalavriat bosqichidagi o`qish muddatini 3 yildan kam bo`lmagan tarzda amalga oshirish amaliyotini joriy etish hamda uning tegishli me`yoriy-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqish;
  • talabalar amaliyotini maqsadli tashkil etish va ishga joylashishiga har tomonlama ko`maklashish, potensial ish beruvchilar ro`yxatini shakllantirib borish va hamkorlik qilish, shuningdek avvalgi bitiruvchilar salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan «Endaument» fondini tashkil etish;
  • ta`lim jarayonlarini raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, masofaviy ta`lim xizmatlarini rivojlantirish, vebinar, onlayn, «blended learning», «flipped classroom», «spin-off» texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish;
  • o`quv jarayoniga koucher usulini (maslahat va trening usuli) kiritish va koucherlarni jalb qilish orqali talabalarga ma`lum bir kasbiy maqsadga erishishga yordam berish tizimini joriy etish;
  • tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning o`z ilmiy tadqiqot ishlarini himoya qilish jarayonlarini jadallashtirish hamda shaffofligini ta`minlashga qaratilgan elektron platformani yaratish, unda ilmiy maqolalar, ilmiy-uslubiy ishlanmalar, ixtiro va kashfiyotlar hamda tadqiqotning boshqa natijalari to`g`risidagi ma`lumotlarni joylashtirib borish tizimi yo`lga qo`yiladi.

Universitet faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha «Yo`l xaritasi» tasdiqlanadi.

Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Akademik liseyini muvaffaqiyatli tugatgan o`quvchilarga bakalavriat bosqichiga o`qishga kirish uchun test natijalarida olgan umumiy ballning 30 foizi miqdorida qo`shimcha ball berish tartibini joriy etilishi mumkin.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida alohida bo`linma sifatida «Universitet 3.0» xalqaro o`quv va ilmiy-innovasion tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilanadi:

  • Elektron universitet konsepsiyasi doirasida o`quv, o`quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot sohalari faoliyatini raqamlashtirish, hujjatlar ayirboshlanishini avtomatlashtirish;
  • universitet bitiruvchilarining milliy va xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta`minlash maqsadida ularga ta`lim yo`nalishi va mutaxassisligi bo`yicha oliy ma`lumot diplomi bilan bir qatorda xalqaro miqyosda tan olingan (ACCA, CIMA, CFA va boshq.) diplom va sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish;
  • Ommaviy ochiq onlayn-kurslarni yaratish, ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklar o`quv rejalarida belgilangan zamonaviy fanlarning video va audio ma`ruzalarini tayyorlash, ularni global internet tarmog`iga joylashtirish.

Belgilab qo`yilishicha, davlat byudjeti mablag`lari, shartnoma asosida ta`lim va boshqa turdagi xizmatlar ko`rsatishdan tushadigan tushumlar, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan grantlar, ilmiy-innovasion biznesni rivojlantirish uchun uchinchi shaxslar tomonidan ajratilgan maqsadli moliyaviy, homiylik, xayriya mablag`lari, korxona va tashkilotlar bilan xo`jalik shartnomalarini amalga oshirishdan olingan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

 

    Boshqa yangiliklar