Buxoroda “Yoshlar va kino” oyligi davom etmoqda

Madaniyat 25.02.2020, 09:57
Buxoroda  “Yoshlar va kino” oyligi davom etmoqda

“O`zbekkino” Milliy agentligi tashabbusi bilan joriy yilning 10 fevralidan 10 martiga qadar respublikamiz bo`ylab "Yoshlar va kino” o`zbek milliy filmlari namoyishi o`tkazilmoqda. 

Ana shunday tadbirlar Buxoro viloyatida ham davom etmoqda. Viloyat “Yoshlar markazi” binosida o`tkazilgan tadbirda  “O`zbekkino” Milliy agentligi vakillari,  el ardog`idagi san`at  darg`alari, o`quvchi va talabalar ishtirok etishdi. Unda so`z chiqqan O`zbekiston xalq artistlari Shafoat Rahmatullaeva, Ubaydulla Omon, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig`i, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Yo`ldosh Genjaev va boshqalar yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkonyat va shart-sharoitlar, milliy kinematografiya tizimidagi o`zgarishlar, tariximiz va buyuk ajdodlarimiz hayotini aks ettiruvchi filmlarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati xususida so`z yuritishdi. 

-Bugun yurtimizda yosh avlodning kamoloti uchun juda katta e`tibor qaratilyapti, - dedi O`zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullaeva. - Bu eng avvalo, siz yoshlarga bo`lgan ishonch demakdir.  O`zining tarixini, buyuk ajdodlari kim ekanini anglab etgan, ularga munosib voris bo`lishga intilgan yoshlar o`z yurtini, Vatanini yuksaklarga olib chiqadi. 

-Bunday uchrashuvlarning yuqori saviyada o`tishida viloyat hokimligi, “O`zbekiston Yoshlar ittifoqining Buxoro viloyati kengashi bizga yaqindan yordam berayotir, - deydi “O`zbekkino” Milliy agentligi viloyat filiali rahbari, Rossiya, Qozog`iston va Tojikiston kinematograflar uyushmalari a`zosi Alijon Choriev. – Har kuni yoshlarimizga o`zbek kinoustalari tomonidan suratga olingan  yangi filmlar namoyish qilinmoqda. Quvonarlisi, bu filmlar yoshlarimiz tomonidan katta  e`tibor va qiziqish bilan kutib olinmoqda. 

Uchrashuvda yoshlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Shundan so`ng, “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan, tarixiy mavzudagi “Elparvar” badiiy filmi tomoshabinlar e`tiboriga havola qilindi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1