my5
all

Jag`-jag` haqida hamma narsa

Salomatlik 17.03.2015, 15:29
18766
Jag`-jag` haqida hamma narsa

Jag`-jag` (Achambiti) — (lotin tilidagi nomi Sapsella Bursa Pastoris Medic) karamdoshlar  Brassicaceae (butguldoshlar Cruciferae) oilasiga kiradi. Bir yillik, bo`yi 20-30 (ba`zan 60) sm ga etadigan o`t o`simlik. Poyasi bitta, ba`zan bir nechta, tik o`sadi. Gullari shingilga to`plangan. Mevasi — qo`zoqcha.

Aprel oyidan boshlab kuzgacha gullaydi, mevasi iyundan boshlab etiladi.

Jag`-jag` (achambiti) yovvoyi holda juda keng tarqalgan bo`lib (faqat eng shimoliy va suvsiz tumanlarda – sahroda, Arktikada uchramaydi), o`tloqlarda, bog`larda, yo`l yoqalarida, aholi yashaydigan joylarda, begona o`t sifatida ekinzorlarda va boshqa erlarda o`sadi.

Jag`-jag` – karamdoshlar (butguldoshlar) oilasiga mansub bir yillik o`t o`simlik. Mart-may oylarida (yoki yoz bo`yi) gullaydi, mevasi aprel-iyulda (yoki kuzgacha) etiladi.

Ovqatga jag`-jag`ning yangi ko`kargan barglari ishlatiladi. Bargidan somsaga masalliq, pyure, sous tayyorlanadi. Uni borsh, sabzavotlardan tayyorlanadigan salatlar, vinegretlar, turli suyuq ovqatlarga qo`shadilar. Jag`-jag`ning yosh, nozik barglari salatlarga yaxshi, nozik, yoqimli o`tkir va sarimoqpiyoz hidini beradi.

Bahorda xalqimiz jag`-jag`ning yosh barglarini yalpiz bargi, ismaloq va boshqa yovvoyi holda o`sadigan o`simliklar barglariga qo`shib, ulardan ko`k somsa va chuchvara pishiradi.

Uch oy davomida qishdan so`ng organizm vitaminlarga, organik kislotalar, mineral moddalar, fermentlar va boshqa moddalarga muhtoj bo`lib chiqqan vaqtda jag`-jag` bargini ovqatga ishlatishni ahamiyati katta. Organizmga kerakli bo`lgan biologik faol moddalarni erta bahorda o`sib chiqqan o`simliklarning yosh barglaridan, shu jumladan jag`-jag` bargidan olish mumkin. Jag`-jag` ishtaxa ochadi, me`da shirasini ajralishini yaxshilaydi, engil surgi va o`t haydash ta`sirini ko`rsatadi.

Jag`-jag` urug`i xantal (gorchisa) va qalampir o`rnida ziravor sifatida ovqatga ishlatiladi.

Er ustki qismi tarkibida qandlar, flavonoidlar (diosmin va boshqalar), organik (limon, olma, fumar, vino) kislotalar, efir moyi, saponinlar, vitamin S, V2 va K, karotin, inozit, xolin, asetilxolin, oshlovchi va boshqa moddalar bor. Urug`i o`z tarkibida 28 foizgacha yog` va oz miqdorda siningrin glikozidi saqlaydi.

Jag`-jag` o`simligi qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarni davolashda keng miqyosda ishlatib kelinadi. Ibn Sino ham o`z vaqtida uni qo`llagan. Jag`-jag` asosan turli qon oqishlarda (bachadon, me`da, o`pka, buyrak, burundan va yaralardan qon oqqanda, bavosil kasalligida) ishlatiladi. Yaralardan, shilingan joydan va burundan qon oqishini to`xtatish uchun yangi yig`ilgan bargni ezib, qon oqqan joyga qo`yiladi. O`simlik damlamasi ichdan qon oqishini to`xtatadi. Buning uchun hamda isitma va ich ketganda damlamani ichishga beriladi.

Tarkibida xolin va asetilxolin bo`lgani uchun jag`-jag` qon bosimini pasaytirish – gipotenziv, vitamin K bo`lgani uchun qon ivishini tezlatish, natijada qon oqishini to`xtatish ta`siriga ega. Shuning uchun jag`-jag` o`simligidan tayyorlangan damlama va suyuq ekstrakt ilmiy tibbiyotda qon oqishini to`xtatuvchi vosita sifatida akusherlik (tuqqandan so`nggi qon oqishni to`xtatish uchun) va ginekologik (kuchli va uzoq hayz ko`rishda) amaliyotida qo`llaniladi.

Kimyoviy tarkibi. Mahsulot tarkibida gissopin glikozidi, bursa kislota, 0,12% askorbin kislota, vitamin K1, olma, limon, vino, fumar kislotalar, xolin, asetilxolin, tiramin, inozit, flavonoidlar (diosmin va boshqalar), saponinlar, oshlovchi hamda boshqa birikmalar bo`ladi.

 

Шарҳлар