1

Senatorlar yangi tahrirdagi “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi Qonunni ma`qulladilar

Siyosat 28.02.2020, 11:20
Senatorlar yangi tahrirdagi “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”gi Qonunni ma`qulladilar

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi ishi davom etmoqda. Senatorlar majlis kun tartibidagi masalalarni ko`rib chiqishga kirishdilar.

Senat a`zolari yangi tahrirdagi “O`zbekiston Respublikasining fuqaroligi to`g`risida”giO`zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24 yanvar kuni parlamentga yo`llagan Murojaatnomasida inson huquqlarini ta`minlash, fuqarolik to`g`risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida muhim qadam qo`yish va mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq O`zbekiston Respublikasi fuqarosi maqomini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko`rish zarurligini qayd etdi. 1995 yilgacha O`zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O`zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish taklif etildi. Bu 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning hayotidagi eng jiddiy muammo hisoblanadi.

Qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilinganligi va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo`yganligi ta`kidlandi. Qonunda fuqarolik sohasidagi ma`muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, to`g`ridan-to`g`ri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini ta`minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Qonun bilan mustahkamlanayotgan yangi normalar haqida so`z borganda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo`yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qo`yilganligi qayd etildi. Bundan tashqari, tug`ilgan joyi yoki ota-onasining fuqaroligi bo`yicha bolalarning O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini belgilash tartibi mustahkamlandi. O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini ko`rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilgan.

So`zga chiqqanlar Qonun qabul qilinishi bilan sohaga doir qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyoti bir xilda bo`lishi, inson huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi ta`minlanishiga xizmat qilishini ta`kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1