«Interfaks» agentligi yozishicha, yoz kelgach, yangi turdagi koronavirus COVID-19 butun dunyoda tarqalishdan to`xtatishi haqidagi xabarlarni tasdiqlab bo`lmaydi. Bu haqda tashkilotning sog`liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar bo`yicha ijrochi direktori Maykl Rayan ma`lum qilgan.
«Hozircha virusning turli iqlim sharoitlaridagi faolligi va dinamikasi bo`yicha ma`lumotlar juda kam. Virusning tarqalish xususiyati saqlanib qolishi mumkinligini tan olishimiz lozim», – deya ta`kidlagan Rayan Jenevada o`tgan matbuot anjumanida.
«Virusning yozda yo`q bo`lib ketishiga umid qilish yolg`onga ishonishdan boshqa narsa emas. Hozir bu taxminlarga ishonishga hech qanday asos yo`q», – deya qo`shimcha qilgan u.
Koronavirus butun dunyo bo`ylab tarqalishda davom etmoqda. 6 mart holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 100 ming nafardan oshgan, 3,4 ming nafardan ortiq odam pnevmoniyadan vafot etgan. Janubiy Koreya, Eron va Italiya virus tarqalishi o`ta yomon darajada kechayotgan uch mamlakat bo`lib turibdi.






