AsosiyDunyo

Eron—Turkmaniston chegarasida qolib ketgan haydovchilarning oziq-ovqatlari tugamoqda

'Eron—Turkmaniston chegarasida qolib ketgan haydovchilarning oziq-ovqatlari tugamoqda'ning rasmi

Turkmaniston va Eron o`rtasidagi chegara yopilishi sababli qariyb 800 nafar turkiyalik haydovchining "Lutfobod" va "Saraxs" chegara nazorat-o`tkazish punktlarida qolib ketganiga ikki haftadan oshdi, deb yozmoqda "Xronika Turkmenistana".

Markaziy Osiyoga Eron orqali tovar olib boruvchi haydovchilar Turkmaniston o`z hududiga koronavirus kirib kelishidan qo`rqib, 23 fevral kuni chegaralarni yopib qo`yganidan keyin qolib ketgandi.

Xabarda aytilishicha, barcha haydovchilar atigi ikkita hojatxona va dush kabinasidan foydalanishga majbur. Zaxiradagi oziq-ovqatlar esa tugay deb qolgan.

Haydovchilarning fikricha, Turkiya hukumati ularni vataniga qaytarishga va`da bergan, ammo hozircha hech qanday chora ko`rmagan va chegara ularga yopiqligicha qolmoqda. Chegaradagi haydovchilar ular orasida yuqumli kasallikka chalinganlar yo`qligini ta`kidlab, 2000 kilometrlik yo`l taxminan 3 kun vaqt olgani, epidemiyadagi Eron orqali o`tishga to`g`ri kelishi va tabiiyki, infeksiya yuqtirib olish xavfi yuqori bo`lishi sababli orqaga qaytishdan cho`chiyotganini bildirgan.

Chegaradagi vaziyat bilan tanishish uchun Tehrondan konsul — Fotih Topchu kelgan, biroq odamlarning ahvoli bilan qiziqmay, hukumat muammoni hal etish ustida ishlayotganini ma`lum qilib ketgan, xolos.

Chegara nazorat-o`tkazish punktlarida qolib ketganlar orasida 11 nafar O`zbekiston fuqarosi ham bor. Ular Shavkat Mirziyoevga yordam so`rab, videomurojaat yo`llagandi. O`zbekiston TIV ham bu ma`lumotni tasdiqlab, O`zbekistonning Tehron shahridagi elchixonasining konsullik bo`limi 23 fevraldan buyon mazkur fuqarolar bilan doimiy aloqada bo`lib kelayotganini ma`lum qilgan. Qayd etilishicha, ular transport vositalarini bojxona postlarida qoldirib, vatanga qaytishni rad etgan.

    Boshqa yangiliklar