Ayni damda butun dunyo bo`ylab koronavirusdan halok bo`lganlar tobora ko`payib borayotgani sabab odamlar orasida vahima kuchayib borar ekan, insoniyatni xursand qiluvchi xabarlar ham yo`q emas, deya xabar bermoqda tarjumon.uz.
Koronavirus o`tgan yilning dekabr oyi oxirida e`lon qilingan paytdan beri 113,739 nafar kishi kasallikni yuqtirib olgan bo`lsa, hozirgacha ularning 63,6 mingdan oshig`i tuzalib ketgan. Bu hozirgi kungacha virusni yuqtirib olganlarning yarmidan ko`pi shifo topdi, deganidir.
Hozirga qadar 115 mamlakatda ushbu o`ta yuqumli infeksiya qayd etilgan. Bemorlarning aksariyati, aniqrog`i 80,750 nafari Xitoyda aniqlangan. Kasallanganlar soni bo`yicha Italiya 9,170 kishi bilan ikkinchi o`rinda qayd etilgan. Bu raqamlarga qaramay bir necha davlatlarda har kuni virusdan shifo topgan bemorlar haqida xabar berilmoqda.
Dushanba kuni BAA sog`liqni saqlash va profilaktika vazirligi «COVID -19» koronavirusidan beshta bemorning tuzalgani haqida xabar berdi. Bu bilan BAAda tuzalgan bemorlarning umumiy soni 12 kishiga etdi.
Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti koronavirusdan o`lganlarning soni boshqa viruslarga nisbatan pastligicha qolayotganini ta`kidladi:
«Bu virus juda jiddiy tarzda avj oldi va u o`sishda davom etishi mumkin. Ammo biz kasallangan odamlar sonini hisoblaydigan bo`lsak, virusning tarqalish markazi bo`lgan Xubeydan tashqarida bu epidemiya juda oz miqdordagi odamlarga ta`sir qilmoqda”, dedi JSSTning sog`liqni saqlash bo`yicha favqulodda vaziyatlar dasturining rahbari Maykl Rayan.