Eronda koronavirus yana 63 kishini hayotdan olib ketdi. Bu bilan qurbonlarning umumiy soni 354 kishiga etdi va virusni yuqtirib olganlar 9000 kishidan oshdi.
Fars axborot agentligining xabar berishicha, Eron Islom respublikasi vise-prezidenti va Vazirlar Mahkamasining boshqa ikki a`zosida ham koronavirus aniqlangan.
Aksariyat odamlarda koronavirusning isitma va yo`tal kabi engil yoki o`rtacha alomatlari seziladi. Ba`zilar, ayniqsa katta yoshdagilar va sog`lig`ida virusdan oldin ham muammolari bo`lgan odamlar uchun bu yanada jiddiy kasalliklarga, jumladan pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Ammo, kasallanganlarning aksariyati ushbu virusdan xalos bo`lishmoqda.
10 mart kuni Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xumanayi hukumat koronavirusga qarshi kurashda halok bo`lgan shifokorlar va hamshiralarni «shahidlar» deb tan olishini aytgan.
Eronda kundan-kunga ko`payib borayotgan virus qurbonlar soni bu mamlakatda koronavirusga qarshi kurash yaqin kunlarda tugamasligiga dalolat bermoqda.